Tokioda odamlar Sindzo Abening dafn marosimiga qarshi namoyishga chiqdi
Olam
−
27 Sentabr 2022
7864Tokioda yuzlab odamlar Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abening davlat dafn marosimi o‘tkazilishiga qarshi norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqdi. Bu haqda NHK nashri xabar bermoqda.
Ko‘plab namoyishchilar “Davlat dafn marosimiga qarshimiz!”, “Dafn marosimi bekor qilinsin!” degan plakatlar bilan chiqishgan. Hozircha hibsga olinganlar haqida xabar berilmagan.
Shuningdek, odamlar marhum sobiq Bosh vazir xotirasini hurmat qilish uchun ko‘chalarga chiqishmoqda. Kudanzaka istirohat bog‘ida fuqarolar gul olib keladigan ikkita qurbongoh o‘rnatilgan.
Qayd etilishicha, marosimdagi xavfsizlikni 20 mingga yaqin politsiya xodimi ta’minlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 22 iyul kuni Yaponiya hukumati sobiq Bosh vazir Sindzo Abening davlat dafn marosimini 27 sentyabr kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullagan.
Abega suiqasd
Joriy yilning 8 iyul kuni Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe ko‘chadagi chiqishi davomida otib ketildi. 41 yoshli yaponiyalik Tetsuya Yamagami qo‘lbola o‘qotar qurol bilan uni ikki marta otib tashladi. Abe qutqaruv vertolyotida shifoxonaga yetkazildi. Shifokorlar unga qon quyishdi va bir necha soat davomida uning hayoti uchun kurashdilar. Sobiq Bosh vazir 67 yoshida vafot etdi.
12 iyul kuni Tokiodagi Zojoji ibodatxonasida oila a’zolari, yaqin do‘stlari va hamkorlari uchun shaxsiy buddist dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Abening jasadi krematsiya qilindi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi