Suv yo‘llariga chiqish. Mirziyoyev “geografik kishan”larni parchalamoqchi

Tahlil

Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro savdoda ishtirok etish, transportdan foydalanish va iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan qiyinchiliklarga duch keladi. Bunday davlatlar qatoriga 32 mamlakat, jumladan, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Boliviya, Tojikiston, Turkmaniston, Moldova, Chad va boshqalar kiradi. Ammo O‘zbekiston dengiz suvlariga chiqish uchun bir emas, ikki davlat chegarasidan o‘tishi lozim. Bunday tabiiy cheklov dunyo bo‘yicha Lixtenshteyn va O‘zbekistongagina xos. Mazkur geografik to‘siq esa O‘zbekistonning imkoniyatlarini yuqorida sanab o‘tilgan 30 dan ortiq davlatdan ancha ko‘proqroq qiynaydi. 

Logistika sohasida quruqlik, temiryo‘l va suv yo‘llari orqali yuk tashish eng arzon turlar hisoblanadi. Temiryo‘l va boshqa quruqlik yo‘llari bo‘yicha ishlab olib borilmoqda. Ayniqsa, 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach muqobil yo‘laklar masalasi kun tartibidan mustahkam o‘rin oldi. 

Mazkur bosqin Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan O‘rta yo‘lakning muhimligini ancha oshirdi. Xitoy, Markaziy Osiyo, Kavkazorti va Turkiya orqali Yevropaga chiqishni ta’minlaydigan bu yo‘lak Yevroosiyodagi yuk tashish va mintaqalarni bir-biri bilan bog‘lashda chinakam burilish nuqtasi bo‘ldi. 

2022 yilning 16 dekabridayoq O‘zbekistondan jo‘natilgan ilk yuk aynan shu yo‘lak orqali –  Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya orqali Bolgariyaga yetib bordi. O‘sha yilda O‘zbekiston nafaqat O‘rta yo‘lak orqali Yevropaga balki ancha yillardan buyon dolzarb bo‘lib kelgan Hind okeaniga chiqish uchun ham katta qadam tashlagandi. Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida 2022 yilda 600 km uzunlikdagi Termiz, Mozori – Sharif – Qobul – Peshovar yo‘nalishida Transafg‘on temiryo‘l tarmog‘ini yotqizish bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. Bu loyihadan O‘zbekistonni Hind okeaniga bog‘lash ko‘zda tutilgan. Ushbu jarayondagi ishlar esa hamon davom etmoqda. 

Ammo hanuzgacha dengiz masalasi O‘zbekiston uchun baribir og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda. Masalan, O‘zbekiston suv orqali yuk tashiladigan eng qaynoq yo‘nalishlardan biri bo‘lgan Fors ko‘rfaziga chiqish uchun Turkmaniston va Erondan, Hind okeaniga chiqish uchun esa Afg‘oniston va Pokistondan o‘tishi kerak bo‘ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa dunyo hamjamiyatiga – dengizga chiqish imkoniyati bu adolat masalasi, degan nuqtai nazar bilan yuzlanmoqda. O‘zbekiston rahbarining joriy hafta Turkmanistonga qilgan tashrifining asosiy mavzusi ham aynan dengizga chiqish masalasi edi.

Shavkat Mirziyoyev 4 avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib bordi. Turkmanboshi shahri aeroportida davlat rahbarini Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kutib oldi. Keyinchalik ular o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. 5 avgustda esa Turkmanistonning Turkmanboshi shahridagi Avaza kurort zonasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

BMT konferensiyasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ishtirok etdi. Konferensiya ishtirokchilarini Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov rasman kutib oldi. Avazada bo‘lib o‘tgan konferensiyada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartibini soddalashtirish, iqtisodiy transformatsiya, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit uchun xatarlarga bardoshlilikni oshirish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Shu kuni mazkur konferensiyasi doirasida Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni tantanali tarzda topshirildi.  Shavkat Mirziyoyev turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga “Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov” davlat mukofoti uchun minnatdorlik bildirdi.

“Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida e’tibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning e’tirofi sifatida qabul qilaman”, dedi Prezident.

Ma’lumot uchun, “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni 2017 yil 30 sentyabrda ta’sis etilgan. Bugungi kunga qadar 4 xorijiy davlat arbobi orden bilan taqdirlangan. Ular orasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib bor edi. Endi ular qatoriga Prezident Shavkat Mirziyoyev ham qo‘shildi. 

Tashrifdagi asosiy tadbirga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Avaza” milliy turizm hududida o‘tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tdi. O‘zbekiston rahbari esa konferensiyada dengiz portlaridan jo‘g‘rofiy uzoqlik va bir necha mamlakat hududlarini kesib o‘tish zarurati bir qator ob’ektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.

“Bugun bizni birlashtirgan kun tartibidagi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, katta transport xarajatlari va tranzitning beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yilgi yalpi ichki mahsulotining 2 foizini yo‘qotmoqda. Logistika xarajatlari esa tovarlar qiymatining 60 foizigacha qismini tashkil etadi, bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha barobar yuqori. Shu bois dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning muammolarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. 

Unga ko‘ra, avvalo, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Shu ma’noda “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘l magistrali bilan tutashtirish muhimligi ta’kidlandi. Davlat rahbari “O‘rta yo‘lak” salohiyatini, eng avvalo, o‘zaro kelishilgan tranzit siyosatini yuritish, qoidalarni unifikatsiya qilish va konteyner tashuvlari uchun maqbul tariflarni joriy etish orqali to‘liq ishga solishga chaqirdi.
 
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti BMT shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun “Tranzit kafolatlari” to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qildi. Hujjat portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlash, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytirish, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan. Konferensiya doirasida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish bilan ham uchrashdi. 
 
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda eng avvalo, energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan. 

Turkmaniston, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi bu uchrashuv bejiz emas. Mazkur davlatlarni bir-biriga bog‘laydigan qator muhim transport yo‘llari bor. Ularning ba’zilari mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda xalqaro savdoni rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega. Bulardan biri – O‘rta yo‘lak bo‘lib, uning bir qismi O‘zbekiston, Turkmaniston va Kaspiy orqali Ozarbayjondan o‘tishi ko‘pchilikka ma’lum. Bu yo‘l O‘zbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi orqali – Ozarbayjon hududidan o‘tadi. Bu yo‘nalishda yuk tashish quyidagicha amalga oshiriladi.

Dastlab O‘zbekistondan chiqqan yuk Turkmanistonning Turkmanboshi portiga yetkaziladi. U yerdan esa Turkmanboshi va Baku o‘rtasidagi kemalar orqali harakatlanib, keyin esa temiryo‘l orqali Yevropaga yetkaziladi. 

Shuningdek, O‘rta yo‘lakdan tashqari ushbu mamlakatlarni bog‘lab turuvchi “Lazurit yo‘lagi” ham bor. U Afg‘oniston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyadan o‘tadi. Ammo O‘zbekiston bu yo‘nalishga Afg‘oniston yoki Turkmaniston orqali bilvosita ulanishi mumkin. Shu tariqa O‘zbekiston Yevropaga chiqish uchun bir emas, bir nechta yo‘nalishlarga ega bo‘ladi. Albatta bu mamlakatni faqatgina iqtisodiy tomondan yuksaltiribgina qolmay, balki xalqaro maydondagi geosiyosiy mustaqilligini ham mustahkamlaydi. 

Tashqi munosabatlar u xoh iqtisosiy, xoh gumanitar yoki madaniy masala bo‘lsin, doimo siyosiy qurol sifatida foydalanadigan ayrim davlatlarning tasir doirasidan chiqishda ham mazkur imkoniyatlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Qisqa qilib aytganda bugun O‘zbekiston dengizga chiqishga jiddiy intilmoqda. Yer yuzidagi ikki davlat chegarisini kesib o‘tibgina dengizga chiqishi mumkin bo‘lgan ikki davlatdan biri bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston suv yo‘llariga chiqish imkoniyatini o‘zida saqlab qolgan. O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi pragmatik tashqi siyosati bunga isbotdir.

Masalan, 2021 yilda Afg‘onistonda hokimiyat ag‘darilib, Tolibon boshqaruvni o‘z qo‘liga olgan mahal rasmiy Toshkent eng birinchilardan bo‘lib, Qobuldagi yangi tuzum bilan normal aloqalarni boshlagani bugungi kunga kelib uzoq o‘ylangan strategik siyosat bo‘lgani ko‘rinmoqda. Chunki Afg‘oniston O‘zbekiston uchun keng miqyosdagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan suv yo‘li ya’ni Hind okeaniga chiqishdagi boshlang‘ich nuqta hisoblanadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston BMT Antoniu Guterrish Logistika Prezident Shavkat Mirziyoev Dengizga chiqish imkoniyati O'rta yo'lak Transafg'on temiryo'l tarmog'i Prezident Serdar Berdimuhamedov “O'zbekiston – Afg'oniston – Pokiston” temiryo'li “Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” temiryo'l magistrali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing