Tohir Malikning o‘zbek adabiyotiga qoldirgan “ma’naviy huquq” merosi

Tahlil

image

Ayni paytdagi mehnat faoliyatim matbuot maydoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani uchun ko‘pchilik qatori mobil telefonim ham, noutbukim ham tezkor va muhim xabarlar berib turuvchi internet nashrlarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga ulangan...

Bugun tinmay yangilanib turadigan xabarlar ichida sevimli adibimiz, ajoyib inson, ustoz Tohir Malikning oq-qora suratiga ko‘zim tushdi-yu etim jimirlab ketdi! Nahotki... Shifoxonada ekanliklarini eshitgandim...

Bir oycha oldin qaysidir yumush bilan uylariga borgandim. Har galgidek hovlilarining to‘ridagi ijodxonalari derazasi ortidan nimtabassum bilan kutib oldilar. Ustoz fotihaga qo‘l ochib, duosining so‘nggida ijod qilmay qo‘ygan noshirga ― kaminaga “ijodingizni davom ettiring” deganday yaxshi tilaklar bildirdi. So‘ng nashriyotimizda chop etilayotgan kitoblari bilan bog‘liq ishlar haqida gaplashib oldik.

Tohir aka bilan bundan 15 yilcha oldin “Bekajon” gazetasi tahririyatida tanishgan edik. Ustoz gazeta sahifalarida e’lon qilib turilgan mashqlarimizni kuzatib borarkan, men va o‘sha paytdagi hamkasblarim: Karimberdi To‘ramurodov, Abror Zohidov, Azamat Qorjovov va yana bir qator qalamkashlarga o‘zlarining yangi nashr etilgan kitoblarini biz uchun muhim e’tirof bo‘lgan dasxat jumlalari bilan sovg‘a qilgandi. 

Oradan yillar o‘tib gazeta tahririyatlaridagi faoliyatim nashriyotlarga o‘tsa-da adib Tohir Malik bilan ijodiy aloqani uzmadik. Bosh muharrir vazifasida ishlab yurgan kezlarimda xususiy nashriyotning ilk nashri ustoz iltimosimga ko‘ra taqdim etgan yangi asarni chop etish bilan boshlandi va hozirda mazkur nashriyot-matbaa uyi ancha ma’lum va mashhur. 

Tuz tortgan ekan, rizq-nasiba meni O‘zbekistondagi otaxon nashriyot ― “SHARQ” kompaniyasining bosh tahririyatiga yetakladi. Bosh muharrir Ahror Ahmedov, bolalar adabiyoti bo‘limi rahbari Erkin Malik, barcha-barcha hamkasblarimiz ustoz Tohir Malik bilan yaqin ijodiy va do‘stona aloqada ekan. Bosh tahririyatda ajoyib bir an’ana bor edi, hamkasblarimizning birortasi mukofot olsa yoxud qaysidir ijodkorning kitobi nashrdan chiqsa, Erkin Malikdan tushlikka osh damlab tahririyatga tarqatishini iltimos qilardi. Osh Erkin akaning hovlichasida damlanayotganda albatta Tohir akani chaqirardik. Ustozning oshqozoni  betobligi uchun bir cho‘qim osh yesa-da davramizga, tahririyatimizga olam-olam xursandchilik, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlardi. 

Tohir Malik bilan hamsuhbat bo‘lgan kishilar yaxshi bilishadiki, u kishi juda odamoxun, e’tiborli, xushmuomala, bir gapirib o‘n kuldiradigan xushchaqchaq kishi edilar. Ustozdan O‘zbekiston xalqiga, umuman bashariyatga qolayotgan asarlari chinakam boylik va ulkan meros. O‘zbek adabiyotiga, xususan odob-axloq mavzusidagi pandnoma asarlar yo‘nalishiga katta yo‘l ochib, unga «ma’naviy huquq» deya atalgan atamani kiritgan va ushbu atama zamiridagi namunali hayot yo‘lini bosib o‘tgan adibning asarlari, ishonchim komil, hali ko‘p va xo‘p o‘qiladi. Kitoblari millionlab adadlarda chop etiladi, yuzlab ilmiy ishlarga mavzu bo‘ladi, ustoz qalamiga mansub har bir jumlaning mazmun-mohiyati bugungi va ertangi kun o‘quvchilari tomonidan qayta-qayta tahlil etiladi. 

Shaxsan men ustoz Tohir Malik bilan yaqin ijodiy aloqada bo‘lganligim, kitoblarimga so‘zboshi yozib berishlariga loyiq ko‘rilganim, ijodiy safarlarda tunu kun yonlarida yurib suhbatini olishga muyassar bo‘lganimdan faxrlanaman!

Ustoz, o‘zingiz duolaringizda tez-tez takrorlaydigan ikki dunyo saodatiga musharraf inson edingiz. Ilohim, joyingiz jannatdan bo‘lsin! 

Ulug‘ BEK
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tohir Malik

Baholaganlar

51

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing