Tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon bo‘lmoqda – Mirziyoyev
Jamiyat
−
24 iyun 2022 19923 3 daqiqa
O‘zbekiston transport-kommunikatsiyalar sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish hamda “Shimol–Janub” va “G‘arb–Sharq” transkontinental yo‘nalishlariga mintaqani jalb etish tarafdori. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotda ma’lum qildi.
“Bugungi dunyo qator tahlikali jarayonlar bilan kechayotgan chuqur transformatsiya davrida yashamoqda. Xalqaro keskinlik tobora kuchaymoqda va tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon bo‘lmoqda. Bunday sharoitda biz O‘zbekistonda “Inson manfaatlari –hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettiryapmiz. Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari davlat boshqaruvini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish va 2030 yilga borib aholisi o‘rtachadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olish, inklyuziv ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlash, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik va barqarorlikni mustahkamlash hisoblanadi”, deydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisiga ko‘ra, jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlar butun global savdo va investitsiyalar tizimi uchun to‘siq yaratmoqda.
Bunday sharoitda:
• to‘siqlarni bartaraf etish va yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirini yaratish;
• sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmalarni modernizatsiya qilish;
• texnologiyalar transferi va innovatsiyalarni joriy etish, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, jumladan vaksinalar ishlab chiqarish, sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimdir.
“Qo‘shma loyiha va tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish uchun doimiy biznes muloqot maydonchasi – “BRIKS plyus” ishbilarmon doiralari forumini yo‘lga qo‘yishni taklif etaman. Biz transport-kommunikatsiyalar sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish hamda “Shimol – Janub” va “G‘arb – Sharq” transkontinental yo‘nalishlariga mintaqamizni jalb etish tarafdorimiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarining barqaror va ochiq harakatini ta’minlash bo‘yicha qat’iy harakatlarga chaqirgan da’vatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunda aynan jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining ellik foizigacha bo‘lgan qismi hissasiga to‘g‘ri kelayotgan aynan BRIKS mamlakatlari muhim rol o‘ynashi zarur. Ushbu ulkan salohiyatdan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish va undan foydalanishning ishonchli tizimlarini shakllantirish maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish uchun foydalanish kerak.
“Shuni qayd etishni istardimki, Xitoyning muvaffaqiyatli tajribasidan foydalangan holda biz so‘nggi yillarda, hatto pandemiya sharoitida ham, aholimizning hayot darajasini real oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish imkoniga ega bo‘ldik. Global jarayonlarni hisobga olganda iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Bu yo‘nalishda cho‘llashishga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni saqlab qolish, suv balansini ta’minlash, “yashil iqtisodiyot” sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif etamiz”, deya qo‘shimcha qildi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr