Tinib-tinchimas Shimoliy Koreya yana bir dahshatli qurolni sinovdan o‘tkazdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Shimoliy Koreya kecha, 5 yanvar kuni o‘zining ikkinchi gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda, KXDRning “KNCA” markaziy axborot agentligi xabar bermoqda.  

Ma’lum qilinishicha, raketadan ajralib chiquvchi “gipersonik sirpanish kallagi” 700 km masofadagi nishonni aniq urgan. Yangi qurol ballistik raketalarga qaraganda uzoqroq vaqt davomida uchish imkoniga ega. 

Yangi raketa sinovi KXDR rahbari Kim Chen Inning Pxenyan mudofasini yanada kuchaytirish haqida bergan topshirig‘i ortidan o‘tkazilgani aytilmoqda. 

Avvalroq, Shimoliy Koreya rahbari Yangi yilda xalqqa yo‘llagan o‘z murojaatida Koreya yarimorolidagi harbiy muhit barqarorligi oshib borayotgani sababli, Pxenyan mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda davom etishini aytgan. 

KXDR o‘tgan yili Janubiy Koreya va AQSH bilan to‘xtab qolgan muzokaralar fonida turli xil raketa va qurollarni sinovdan o‘tkazgandi.

Shimoliy Koreya gipertovushli raketalarni yaratish yo‘lida izlanishlar olib borayotgan AQSH va Xitoy kabi oz sonli mamlakatlar qatoridan o‘rin olmoqda. 

Kecha sinovdan o‘tkazilgan qurolni birinchi bo‘lib Yaponiya qirg‘oqbo‘yi harbiylari payqashgan. Shundan so‘ng, Seul mudofaa idoralari ham ushbu xabarni tasdiqlashgan. 

Qayd etilishicha, gipertovushli qurol ballistik raketalarga qaraganda pastroqda joylashgan nishonlarni ko‘zlab, tovush tezligidan besh baravar ko‘proq – soatiga 6 200 km (3 850 milya) tezlikkacha erisha oladi.

Ma’lumot o‘rnida, yangi qurollar sinovi Shimoliy Koreyada pandemiya tufayli mamlakat iqtisodi to‘xtab, aholi ocharchilikdan aziyat chekayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. 

Yil yakunida xalqqa qilgan murojaatida Kim Chin In, mamlakat “hayot-mamot kurashi”ni boshidan kechirayotgani va kelgusi yilda asosiy e’tibor aholi turmush-tarzini yaxshilashga qaratilishini ma’lum qilgandi.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

404

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing