“TIME” Bayden prezidentligining ilk yilini qo‘pol muqova bilan “nishonladi”

Olam

image

"Time" jurnalining bu galgi muqovasi AQSH Prezidenti Jo Baydenga bag‘ishlandi. “Bayden ma’muriyati qanday qilib o‘z yo‘lini yo‘qotdi?” deb nomlangan muqovada notinch prezidentlik davri aks ettirilgan.

Muqovada Prezidentning Oval kabinetida o‘tirgani, tepasida qora, quyuq bulutlardan yomg‘ir yog‘ayotgani va Bayden yomg‘irni ushlab turgani tasvirlangan. Baydenning orqasida uning ma’muriyati mamlakatdagi har bir xonadonga jo‘natishga va’da bergan bir necha quti COVID tezkor antigen sinovlari mavjud. 

“Inflyatsiya”, "Putin", "Yaxshiroq qayta qurish" (o‘rta va ishchilar sinfi uchun kundalik xarajatlarni kamaytirish va ta’lim darajasini oshirish uchun infratuzilma rejasi), "Ovoz berish huquqi" va “Tramp 2024” deya yozilgan papkalar bo‘lgan Baydenning stoliga yomg‘ir tomchilari yog‘ayotgani aks etgan.  

Pastki o‘ng burchakda "Birinchi yil" yozuvi joylangan. Muqovada Bayden va uning hukumatini tanqid qiluvchi maqola ilova qilingan.

"Bayden bartaraf etishga va’da bergan pandemiya nazoratdan chiqib ketdi. Ish haqining o‘sishi to‘xtatildi, chegarada tartibsizlik, zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar o‘sishda davom etmoqda, inflyatsiya so‘nggi 40 yillikning eng yuqori darajasiga chiqdi. Uning prezidentlik reytingi 40 ballga tushib qoldi”, deb yozadi “TIME” muxbirlari Molli Bal va Brayan Bennet. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 yanvar kuni Jo Baydenning Oq uyda qolishi boshlanganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi. O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida u deyarli rekord miqdordagi ovozlarni qo‘lga kiritgan, biroq davlat rahbari sifatidagi ikkinchi yil boshida uning ma’qullash reytingi taxminan 40 foizni tashkil etadi. Ayni vaqtda demokrat saylovchilarning 78 foizi uni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, ammo, respublikachi saylovchilarning 91 foizi Amerika yetakchisining harakatlarini ma’qullamaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

79

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing