Mashhur jurnal muqovasini yilning muhim odamlaridan iborat karikatura bezadi
Olam
−
27 dekabr 2022
14052Buyuk Britaniyaning yetakchi jurnallaridan biri “The Week” o‘z muqovasini 2022 yilning bosh qahramonlariga bag‘ishladi. Yil davomida turli faoliyati bilan mashhur bo‘lgan shaxslar karikaturasi jurnalning bayramona sonini bezadi. Bu haqda jurnal ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berdi.
Jurnal muqovasida aks etgan rasmda bayram stolining boshida Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Rishi Sunak tasvirlangan. Uning o‘ng tomonida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Boris Jonson bilan, chap tomonida esa Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III rafiqasi Kamilla bilan aks etirrilgan.
Shuningdek, rasmda ularning tepasida vafot etgan Qirolicha Yelizaveta II portreti hamda devorga osilgan Ukraina bayrog‘i ifodalangan. Bayram archasi yonida Ilon Mask oktyabr oyida sotib olgan Twitter ijtimoiy tarmog‘ining logotipi ko‘rinishidagi o‘yinchoq bilan turibdi.
Jonsonning yon tomonidan esa “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan Uill Smit joy olgan. Uning yonida bu yil UEFA ayollar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan Angliya jamoasi futbolchilari – Liya Uilyamson va Jordan Nobbs o‘tirishibdi.
Qorbobo kiyimida Buyuk Britaniya g‘aznasining sobiq kansleri Kvazi Kvarteng tasvirlangan. Uning yonida esa Buyuk Britaniyaning Bosh vaziri lavozimida atigi 44 kun ishlagan Liz Trass kuygan kekslarga xo‘rsinib, tikilib turgan holatda ifodalangan.
Xitoyda “NOL COVID” siyosatini joriy etgan Si Szinpin COVID’dan to‘liq himoyalangan holatda o‘tiribdi. Boshida qurbaqa bilan Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mettyu Xenkok aks ettirilgan.
Derazadan tashqarida, harbiy kiyimda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin tasvirlangan. U hamma bayram qilayotgan bir paytda ko‘k-sariq qalpoq kiygan va shunday sharf o‘ragan qor bolaning boshini oyog‘i bilan yiqitayotganini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, “The Week” jurnali Buyuk Britaniyaning yetakchi yangiliklar jurnallaridan biri hisoblanadi. Jurnal 1995 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Jurnalning faoliyati asosan hafta boshida boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan nashr etilgan yangiliklarning xulosalarini ommaga taqdim etishdan iborat.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi