“The New York Times” Rossiya kirdikorlarini fosh etgani uchun Pulitser mukofotini qo‘lga kiritdi
Olam
−
06 may 2020
7405“The New York Times” gazetasining Rossiya haqidagi tanqidiy maqolalari 4 may kuni Pulitser mukofotiga sazovor bo‘ldi. G‘oliblarni e’lon qilish Kolumbiya universitetining Jurnalistika maktabida bo‘lib o‘tdi. Marosim pandemiya sababli onlayn rejimda o‘tkazildi.
Pulitser mukofotining tashkiliy qo‘mitasi veb-saytida e’lon qilinganidek, “Xalqaro jurnalistika” nominatsiyasida “The New York Times” xodimlari tomonidan Rossiya hukumati kirdikorlari va noqonuniy xatti-harakatlar haqida yozilgan tanqidiy maqolalar qayd etilgan.
Ilova qilingan eslatmada sovrin uchun nashrga qaysi materiallar berilgani ko‘rsatilmagan. “The New York Times” saytida qayd etilishicha, tashkiliy qo‘mita gazetaga ushbu mukofotni 2016 yilda Rossiyaning qator davlatlarda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlariga aralashgani batafsil yoritilgan maqolalari uchun bergan.
Ichki siyosat masalalari bo‘yicha eng yaxshi material nominatsiyasi g‘oliblari AQSH harbiy-havo kuchlarining 7-flotidagi muammolarni yoritib chiqqan “ProPublica” nashri muxbiri va Boeing 737 MAX samolyoti loyihasida yo‘l qo‘yilgan xatolar haqidagi materiallar uchun “Seattle Times” gazetasi jurnalistlari bo‘ldi. “The New York” gazetasida chop etilgan shahardagi taksi haydovchilari haqidagi qator materiallar eng yaxshi tergov jurnalistikasi nominatsiyasi g‘olibi, deb topildi.
G‘oliblarning ismlari mukofotning tashkiliy qo‘mitasi vakili Dana Kanedi tomonidan e’lon qilindi, ko‘rsatuv rasmiy veb-saytda namoyish etildi. “Shubha yo‘q-ki, biz Pulitser mukofoti sovrindorlarini juda qiyin davrda e’lon qilyapmiz. Qizig‘i shundaki, birinchi Pulitser mukofotlari 1917 yil iyun oyida, Ispaniya grippi pandemiyasi tarqalishidan bir yil oldin berilgan edi”, dedi Kanedi.
Amerikalik jurnalist va noshir Jozef Pulitser (1847-1911) Pulitser mukofotining asoschisi hisoblanadi. 1904 yilda yozgan vasiyatnomasiga ko‘ra, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetiga 2 million dollar xayriya qildi. Ushbu pulning katta qismi jurnalistlar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasasini tashkil etishga yo‘naltirildi va uning to‘rtdan bir qismi adabiyot, jurnalistika va ma’rifiy faoliyat sohasida mukofotlar va stipendiyalarni berishga sarflandi. Pulitserning vafotidan ko‘p o‘tmay, Kolumbiya universitetida Jurnalistika maktabi tashkil etildi.
Pulitser mukofoti ilk bor to‘rtta – reportaj, tahririyat maqolasi, AQSH haqida kitob va biografik asar yo‘nalishlari bo‘yicha 1917 yil 4 iyunda bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi