“The Independent” O‘zbekistonni sayohat qilish zarur bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritdi
Jamiyat
−
04 yanvar 2022 4755 2 daqiqa
Yangi yilning birinchi kuni Britaniyaning mashhur “The Independent” internet-nashrida “2022 yilda sayohat uchun eng yaxshi joylar” maqolasi chop etildi. Undan o‘rin olgan davlatlar orasida O‘zbekiston ham bor.
Sayohatchilarning tavsiyalari asosida tahririyat kelgusi yilda tashrif buyurish uchun eng mashhur 10 ta mamlakat ro‘yxatini tuzib chiqdi. Bu ro‘yxatga Kanal orollari, Shimoliy Irlandiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Misr, Butan va O‘zbekiston kiritilgan.
Turizm bo‘yicha muharrir Xelen Koffi O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratib, madaniy va tarixiy jihatdan boy Ipak yo‘lining markazida joylashgan bu mamlakat “juda qiziq” ekanini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bir necha yil avval Britaniya pasporti egalari uchun viza talablarini bekor qilgan va Buyuk Britaniya fuqarolari mamlakatda 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin.
Muallif O‘zbekistonga sayohatni rejalashtirar ekan, kitobxonlarga joriy yilda o‘tkaziladigan xalqaro festivallar va boshqa yirik madaniy tadbirlarni o‘z jadvaliga kiritishni maslahat beradi va albatta, bu tadbirlar sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otishini eslatadi.
Xivada “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Mo‘ynoqda “Element” elektron musiqa festivali, Qo‘qonda “Lavanda” festivali, Samarqandda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Toshkent va Buxoroda “Ipak yo‘li” adabiyot festivali, Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro hunarmandchilik festivali shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, maqolada keltirilishicha, san’at va me’morchilik ixlosmandlari Islom sivilizatsiyasi markazi va rekonstruksiya qilingan Davlat san’at muzeyining ochilishida ham ishtirok etishlari mumkin.
Live
Barchasi