Tezyurar poyezd Nukusgacha boradi
Jamiyat
−
28 noyabr 2022
6722O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 noyabr kuni Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev xorazmliklar bilan uchrashganida 2024 yilda Xivaga tezyurar elektr poyezdi yo‘lga qo‘yilishini aytgan edi va bu reja O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritildi. Shu tariqa, Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish boshlandi. Taqdimotda bu ishlarning borishi va kutilayotgan natijalar haqida axborot berildi.
Mazkur loyihaning qiymati 445 million dollar. Shundan 270 million dollari Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan jalb etiladi. Loyiha doirasida Buxorodan Xivagacha bo‘lgan 465 kilometr temir yo‘l tarmog‘i elektrlashtiriladi, bekat, nimstansiyalar va boshqa inshootlar quriladi.
Yo‘lning samaradorligi, shunga yarasha, ancha oshadi. Masalan, poyezdlarning yuqori tezligi soatiga 250 kilometrgacha bo‘ladi. Natijada yo‘lovchilarning Toshkentdan Urganchgacha yetib borish vaqti 14 soatdan 6 soatga, Buxorodan Xivagacha 8 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Bu fuqarolarga katta qulaylik yaratib, turizm rivojida ham muhim omil bo‘ladi.
Tezlik evaziga temir yo‘lning o‘tkazuvchanligi ham oshadi. Yuk tashish imkoniyati yiliga qo‘shimcha 11 million tonnagacha, yo‘lovchilar soni 2 million 300 ming nafarga ko‘payadi. Poyezdlar elektr energiyasida yurishi hisobiga yiliga 18 ming tonna dizel yoqilg‘isi tejaladi. Prezident loyihaning sifatli bo‘lishiga alohida ahamiyat qaratdi.
"Avvalgi loyihalarda mutaxassislarimiz ancha tajriba orttirdi, chet ellik konsultantlar ham jalb etildi. Endi asosiysi – ishni sifatli bajarish. Bu yo‘lni qancha yaxshi qilsak, xalqimizga sharoit, turistlar uchun qulaylik, iqtisodiyotimizga manfaat bo‘ladi", deydi Shavkat Mirziyoyev.
Buxoro va Xorazm viloyati hokimlariga tezyurar poyezd o‘tadigan tuman va shaharlarda yo‘l bo‘yi xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.
"Temir yo‘l borgan joyga madaniyat boradi, hayot jonlanadi. Shunday ekan, bekatlar atrofida, huddi avtomobil yo‘llarida bo‘lganidek, savdo va xizmat shoxobchalarini ko‘paytirish kerak. Yana bir vazifa – temir yo‘l bo‘ylab cho‘l iqlimiga mos daraxt va butalar ekish zarur. Bu ham hudud ekologiyasiga ta’sir qiladi, ham yo‘l bo‘ylariga ko‘rk bag‘ishlaydi", dedi davlat rahbari.
Prezident mutasaddilarga hozirgi loyihaga hamohang tarzda, Nukus shahrigacha bo‘lgan temir yo‘lni ham elektrlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buning natijasida Toshkent bilan Nukus o‘rtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, davlat tashkilotlari binolarida quyosh panellari o‘rnatish, aholini bu borada rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
LiveBarchasi