Tez yordam haydovchisining kaltaklanishiga oid yangi tafsilotlar ochiqlandi
Jamiyat
−
07 mart 2023
8566Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 27 fevral kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida tez yordam mashinasi haydovchisi kaltaklangan edi. Holat yuzasidan yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Qayd etilishicha, tomonlar voqea bo‘yicha o‘z variantlarini aytgan, biroq ularning ko‘rsatmalari bir-birini inkor qiladi.
Tergov davomida haydovchi ko‘rsatma bergan. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, uning brigadasi murojaat kelib tushganidan 5 daqiqa o‘tib, bemor xonadoniga yetib borgan.
Uni kaltaklagan erkakning bayonoti esa bundan farq qiladi. Er-xotinning aytishicha, tez yordam mashinasi murojaatdan 40 daqiqa o‘tib yetib kelgan. Shuningdek, feldsher va shifokor 43 yoshli bemorning oldiga kelib, uni ko‘zdan kechirmagan, balki xona ostonasida turib tashxis qo‘ygan. Bu esa mast holatdagi 33 yoshli erkakning jahlini chiqargan. U tez yordam xodimlarini haqorat qilgan, bundan qo‘rqib ketgan shifokor esa xonadonni tark etgan. O‘z navbatida feldsher bemorni ko‘zdan kechirgan, uning qon bosimini o‘lchagan va ukol qilgan.
Ammo bu ham uy egasini tinchlantirmagan. U pastga tushib, tez yordam mashinasining 53 yoshli haydovchisi bilan yoqalashgan. Janjalga sabab bo‘lgan erkakning aytishicha, u hovuridan bosilgach, shu kuni uyiga kelgan tez yordam brigadasidan kechirim so‘rashga ulgurgan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
LiveBarchasi