Terrorchilarning maxfiy hujjatlari, Saudiyaga vizasiz qolgan yetti davlat - tonggi dayjest
Jamiyat
−
28 fevral 2020
6151Jahon yangiliklari
Suriya. Halab g‘arbidagi ozod qilingan aholi punktlaridan birida "Jabhat al-Nusra" terrorchilik tashkilotining turli guruhlari to‘g‘risida va mashg‘ulot lagerlarida tayyorlanayotgan jangarilarning maoshlari haqida ma’lumotlar mavjud hujjat topib olindi. Ekstremistlar chekinish paytida tashlab yuborgan hujjatlar orasida Halab yaqinidagi “Taima” lagerida tayyorlangan yuzlab jangarilarning taxallusi bilan amalga oshirilgan moliyaviy hisobotlar ham bo‘lgan.
Turkiya. Mamlakat juma, 28 fevral kuni Suriyaning Idlib shahrida amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida o‘nlab turk harbiysining halok bo‘lishi yuzasidan NATO bilan maslahatlashuvlarni boshlaydi. Idlibda Suriya harbiy-havo kuchlari tomonidan uyushtirilgan havo hujumi chog‘ida 33 nafar turk harbiysi halok bo‘lgan edi. Shundan so‘ng, Turkiya armiyasi Suriya qo‘shinlari pozitsiyalariga havo va yer usti hujumlaridan javob qaytardi.
Kolumbiya. Mamlakat Bosh prokuraturasi Kolumbiyaning Urugvaydagi elchisi Fernando Sancmentening, bir yil oldin uning fermasida kokain ishlab chiqaradigan laboratoriya va to‘qqiz kilogramm giyohvand moddasi aniqlanganidan so‘ng, mol-mulklarini musodara etish jarayoni boshlanganini e’lon qildi. 2019 yilning 12 fevralida prokuratura xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida kokain gidroxloridi tayyorlash uchun olti kilogramm reagent va to‘qqiz kilogramm tayyor kukun topishgandi. Besh kishi hibsga olingan. Xabar qilinishicha, giyohvand moddalarining kunlik ishlab chiqarish hajmi 15 kilogrammga yetgan.
Saudiya Arabistoni. Qirollik turizm vazirligi koronavirus keng tarqalgan yetti mamlakat fuqarolariga elektron sayyohlik vizasi berishni to‘xtatdi. Bu davlatlar ro‘yxatiga Xitoy, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Malayziya, Italiya va Qozog‘iston kiritildi. Bundan tashqari, ushbu mamlakatlarning ilgari olingan sayyohlik vizalaridan ham foydalanib bo‘lmaydi.
Ukraina. Mamlakatda mavsumiy gripp kasalligidan 40 nafardan ziyod kishi vafot etdi. Bu haqida Ukraina SSV rahbari Viktor Lyashko ma’lum qilgan. Uning fikricha, grippdan o‘lim holatlarining ko‘payishiga asososiy sabab, bemorlarning shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilmaganliklaridir. O‘tgan mavsum mamlakatda grippdan 60 nafarga yaqin odam halok bo‘lgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston xabarlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan abituriyentlar pedagogika sohasining tegishli ta’lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birga majburiy uchta fandan test sinovlarini topshiradigan bo‘ldi.
O‘zbekiston armiyasi tarixida ilk marta harbiy unvon berish hamda lavozimga tayinlash bo‘yicha okrug qo‘mondonlarining vakolatlari kengaytirildi. Endilikda qo‘mondonlar kichik serjant, III darajali serjant, II darajali serjant, I darajali serjant harbiy unvonlaridan tashqari, kichik ofitserlar tarkibiga katta leytenant hamda kapitan unvonini berish huquqiga ega bo‘ladi.
Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanida ichki ishlar organlari, davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona xodimlari hamkorligida qalbaki spirt va kosmetika mahsulotlari tayyorlanayotgan 10 ta nuqtada reyd o‘tkazildi. Reyd davomida qo‘lbola aroq yopish uskunasi, 209 dona turli hajmdagi aroq mahsulotlari, 2012 dona shisha qopqoqlari, 2339 ta aksiz marka topildi. Jizzax shahri, Xayrobod mahallasi, Boychibor ko‘chasida yashovchi fuqaroning turar joyida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida esa 370 litr spirt, 59 dona qo‘lbola aroq, 2500 dona aksiz marka olingan. Bundan tashqari 2862 dona qalbaki atir mahsulotlari saqlanayotgani aniqlandi.
LiveBarchasi