Terrorchilar pul o‘tkazmalarini qaysi kompaniyalardan amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
08 noyabr 2019
6584Xalqaro terrorchilar moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish uchun “Western Union”, “American Express”, “PayPal”, “Yandeks.Dengi”, “VisaTransfer” kabi elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan. Bu haqda joriy yilning 6-7 noyabr kunlari poytaxt Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining (SHHT MATT) “Terrorizmga qarshi kurash – chegara bilmas hamkorlik” mavzusidagi yettinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida aytildi.
Anjumanda ijtimoiy o‘ziga xosligi bois mafkuraviy ta’sirga beriluvchan hamda terrorchilik va ekstremistik faoliyatga jalb qilishga moyil yoshlarning radikallashuviga qarshi kurash sohasida tajriba almashildi.
Muloqot chog‘ida internet tarmog‘idan terrorchilik va ekstremistik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurash, yot g‘oyalar tarqalishining oldini olishda xalqaro hamkorlikni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Axborot almashish, terrorizm xavfini aniqlash, o‘zaro kelishilgan tezkor amaliyotlar ko‘lamini kengaytirish, chegara nazoratini kuchaytirish, aksilterror tuzilmalar uchun kadrlar tayyorlash, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, aksilterror hamkorlikning xalqaro huquqiy-me’yoriy asoslarini takomillashtirib borish maqsadida o‘zaro munosabatlarni faollashtirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Konferensiya majlislarida terrorizmni moliyalashtirish manbalarini aniqlash va uni bartaraf etish bo‘yicha xatti-harakatlarni har tomonlama muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi. Xalqaro terrorchilarning transmilliy uyushgan jinoyatchilar bilan hamkorlikni kengaytirish hisobidan daromad olgani, moliyaviy mablag‘larni to‘plash uchun "Western Union", "American Express", "PayPal", "Yandeks.Dengi", "VisaTransfer" kabi elektron to‘lov tizimlaridan, shuningdek, kraundfanding onlayn platformasi va "Xavala" norasmiy hisob-kitob tizimidan foydalanganiga e’tibor qaratildi.
SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining amaliy hamkorlik masalalarida ilmiy yo‘nalishdagi sherikligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Transmilliy xususiyatga ega terrorchilik xavfi ortib borayotgan bir sharoitda SHHT MATT tomonidan o‘tkazilayotgan an’anaviy anjuman xalqaro muloqot uchun qulay platformaga aylandi.
Ishtirokchilarning aksilterror faoliyati bo‘yicha fikr-mulohaza va tajriba almashishi xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Bu esa terrorizm xavfi o‘sib borishini har tomonlama xolis baholash, ularga o‘z vaqtida javob qaytarish va oldini olish choralarini ko‘rish imkonini beradi.
SHHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlarning xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni shakllantirishi yangi tahdid va xavf-xatarlarga munosib javob qaytarish choralarini ko‘rishga ko‘maklashadi.
LiveBarchasi