Termizdagi xonadonda portlash sodir bo‘ldi 

Jamiyat

image

Bugun, 10 dekabr kuni tongi 06:40 lar chamasida Surxondaryo viloyati Termiz shahri “O‘zbekiston” mahallasi Alisher Navoiy ko‘chasi 24-uyda tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash sodir bo‘lgan. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa oqibatida 1965 yilda tug‘ilgan fuqaro 3-4-darajali, 40-45 foiz kuyish tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz filialiga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, o‘zboshimchalik bilan qo‘lbola usulda tayyorlangan rezina shlangi orqali gazni noqonuniy ulab, foydalanishi oqibatida xonaga gaz sizib chiqqan va portlagan.

“Afsuski, iste’molchilar orasida qarzdorlik bo‘yicha avtomatik tarzda tabiiy gaz berilishi to‘xtatilgandan so‘ng, o‘zboshimchalik bilan elektron gaz hisoblagichlarini yechib olib, rezina shlang va qo‘lbola quvurlar orqali tarmoqqa ulanib olib, tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari uchramoqda. Faqatgina o‘z manfaatini ko‘zlab ish tutayotgan bunday iste’molchilar tufayli hududdagi gaz ta’minotida o‘zgarishlar, ularni hisoblashda esa xatoliklar yuzaga kelishi va eng achinarlisi noxush hamda baxtsiz holatlar yuz berishi mumkin”, deyiladi hokimlik xabarida.

Voqea joyiga 2 ta yong‘in qutqaruv ekipajlari jalb qilingan va portlash oqibatlari bartaraf etilgan.

Sohiba Komilovna


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

193

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing