Telegram, Instagram, Facebook nega ishlamay qoldi? AKT vazirligi avval aytdi, so‘ng qaytdi
Jamiyat
−
03 noyabr 2021
13126Avvalroq, bugun 3 noyabr kuni Facebook, Instagram, “Odnoklassniki”, Linkedln, “Moy Mir”, ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri va Youtube videoplatformasi faoliyati cheklangani haqida xabar bergan edik. Mazkur platformalarning ishlamay qolishi bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rasmiy ma’lumot berdi. Biroq rasmiy ma’lumotning qator savollar keltirib chiqarishi ortidan, u vazirlik saytidan o‘chirildi.
Vazirlikning e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay o‘chirilgan rasmiy xabariga ko‘ra, “O‘zbektelekom” AK uskunasida qisqa muddatli texnik nosozlik yuzaga kelishi munosabati bilan ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifatining yomonlashishi va uzilishlar kuzatilgan.
“Yuqoridagi tarmoqlar faoliyatiga hech qanday cheklovlar o‘rnatilmaganini ma’lum qilamiz.
Ushbu tarmoqlardagi uzilishlar texnik uskunalardagi nosozliklar sababli yuzaga kelgan. Hozirda barcha texnik uskunalar nosozliklari bartaraf etildi.
Facebook, Instagram, “Odnoklassniki”, Linkedln, “Moy Mir”, ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri va Youtube videoplatformasi odatdagi holatda faoliyatini davom etirmoqda.
Kuzatilgan texnik nosozlik oqibatidagi noqulaylik holatlari bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi barcha foydalanuvchilardan uzr so‘raydi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Darhaqiqat, hozirda Instagram, “Odnoklassniki”, Linkedln, “Moy Mir”, ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri odatdagidek ishlamoqda. Biroq, Youtube videoplatformasi faoliyatida hamon uzilishlar davom etmoqda.
Shu bilan birga, ayni vaziyatda bir-biriga "yopishtirib" bo‘lmaydigan yana bir holat mavjud. Agar vazirlik xabarida aytilganidek, ijtimoiy tarmoqlar ishlamay qolishi “O‘zbektelekom” AK uskunasidagi texnik nosozlik sabab kelib chiqqan bo‘lsa, nega Hukumat qarori bilan Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi direktori ishdan olindi? Nega Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ro‘y bergan holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib borlishini e’lon qildi. Rasmiylar tarqatayotgan rasmiy axborotlarning nomuvofiqligi yana savollarni yuzaga keltirmoqda.
LiveBarchasi