Telegram’da “tabletka” sotib 2,3 mln dollarni “aylantirganlar” ushlandi (video)
3-sahifa
−
04 yanvar 7251 2 daqiqa
Toshkentda giyohvandlik moddalari savdosi uchun Telegram-bot ochib, turli kriptohamyonlar orqali 2 mln 375 ming dollarlik kriptoaktiv aylanmasini amalga oshirganlar ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Telegram messenjerida noqonuniy giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar savdosi uchun yaratilgan maxsus bot fosh qilingan. Shuningdek, ushbu bot orqali kriptoaktivlarni olish, o‘tkazish, ayrboshlash bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan poytaxtning Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 1997 yil yilda tug‘ilgan A. , 2001 yilda tug‘ilgan Sh. va T. ismli shaxslar qo‘lga olingan va ular tomonidan mazkur bot boshqarilib kelinayotgani aniqlangan. O‘tkazilgan tadbir davomida 4 dona telefon, 3 dona noutbuk, 12 dona turli xildagi bank plastik kartalari, 11 dona simkartalar, qog‘ozga o‘ralgan giyohvandlik moddalar topilib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib olingan.
Shuningdek, gumonlanuvchilar A. hamda Sh. ning telefon apparati ko‘zdan kechirilganda xorijiy hamda boshqa elektron kriptohamyonlar orqali 95 mingga yaqin tranzaksiyalar amalga oshirilgani va umumiy hisobda 2 mln 375 ming dollarga teng bo‘lgan miqdordagi kriptoaktivlar aylanmasi amalga oshirilgani aniqlangan. Shuningdek, gumonlanuvchi Sh. bilan o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida mazkur shaxslar tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar savdosi uchun yaratilgan maxsus kanal ular tomonidan boshqarilgani aniqlangan.
Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi A. ning xonadoni xolislar bilan ko‘zdan kechirilganda, uning yashash manzilidan 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilgan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-(Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish), 243-(Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 251-1-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi tanlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi