Telegram'da “onlayn narkodo‘kon”lar soni keskin oshdi
Jamiyat
−
01 dekabr 2030 2 daqiqa
O‘zbekistonda giyohvand moddalar aylanmasi so‘nggi yillarda yanada faollashdi. Narkotik moddalarni tashish va tarqatish usullari tobora murakkablashib, ularni aniqlash jarayoni qiyinlashmoqda. Bu haqda bugun, 1 dekabr kuni huquq-tartibod idoralari vakillari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, nazorat punktida tutib qolinayotgan partiyalarda giyohvand moddalar ayollar kiyimi, kosmetika vositalari, maishiy texnika qismlari, hatto bolalar o‘yinchoqlari ichiga yashirib olib o‘tilgani aniqlanmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2025 yil o‘rtalarida Telegram orqali ishlaydigan yashirin “onlayn narkodo‘kon”lar soni keskin oshgan. Ular elektron to‘lov tizimlaridan, soxta “kraudfanding” ko‘rinishidagi operatsiyalardan, shaxsi yashirilgan akkauntlardan faol foydalanmoqda. Ayrim kanallar tezda yopilgan taqdirda ham, ularning o‘rnini boshqalari juda tez egallamoqda.
Oxirgi besh yilda narkojinoyatlar soni 2 barobarga ko‘paygan. Musodara qilingan giyohvand moddalar miqdori 67 foizga, sintetik moddalar esa 80 foizga oshib, sintetik narkotiklar mamlakat uchun eng katta xavf manbaiga aylangan. Ularning asosiy iste’molchilari – 18-30 yoshli yoshlar.
Joriy yilning 10 oyida respublikada 12 848 ta narkojinoyat fosh etilib, 2 tonna 761 kg narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
2025 yil 3 noyabrda qabul qilingan Prezident farmoniga muvofiq, “Giyohvandlik va narkojinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab sohaga oid qator profilaktik va amaliy chora-tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida 20 noyabrdan 20 dekabrga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, sintetik va boshqa turdagi narkotik moddalar inson organizmi uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Ular markaziy asab tizimini izdan chiqaradi, yurak-qon tomir, jigar va buyrak faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, o‘lim xavfini bir necha barobar oshiradi.
Shuningdek, narkotiklar inson ongida kuchli qaramlik uyg‘otadi, hayajon va nafsni nazoratdan chiqaradi. Oqibatda, foydalanuvchi jamiyatdan va yaqinlaridan ajralib qoladi, shu bilan birga o‘z atrofidagi kishilar uchun ham xavf tug‘diradi.
Eslatib o‘tamiz, 28 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasida kuch tuzilmalari rahbarlari bilan ishchi yig‘ilish o‘tkazgandi. Yig‘ilishda narkojinoyatchilik, jinoiy guruhlar va noqonuniy qurol-yarog‘ aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan samarali tizimni qisqa muddatda yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Live
Barchasi