Milliarder Durov Fransiya fuqaroligini oldi
Olam
−
22 noyabr 2021 8717 2 daqiqa
“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i va Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov joriy yilning avgust oyida Fransiya fuqaroligini olgani ma’lum bo‘ldi. Tegishli farmon mamlakat hukumati gazetasi (JORF) saytida e’lon qilingan. Bu haqda “Lenta” nashri yozmoqda.
Qayd etilishicha, joriy yilning 23 avgustidagi hujjatda tadbirkor Fransiya fuqaroligi huquqini qo‘lga kiritgan shaxslar qatorida bo‘lgan. Ro‘yxatda uning ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi ko‘rsatilgan. Durovning o‘zi hali ushbu xabarga izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Durov Britaniya fuqarosi bo‘lgani haqida ma’lumot tarqalgandi, biroq keyinchalik uning o‘zi buni rad etgan.
Qayd etish kerakki, Durovda Rossiya fuqaroligidan tashqari Karib dengizi orollarida joylashgan Sent-Kits va Nevisning pasporti ham bor. Ushbu hujjat unga Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya bo‘ylab vizasiz harakatlanish imkonini beradi.
Durov “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i aksiyalarini sotish bilan bog‘liq mojarodan keyin Rossiyani va kompaniyaning bosh direktori lavozimini tark etgan. U vataniga qaytish niyati yo‘qligini bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Dubayda istiqomat qiluvchi Pavel Durov “Forbes” jurnali milliarderlarining yillik jahon reytingining yangi versiyasida Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) eng boy biznesmenlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan.
2021 yilgi reytingda Durovning boyligi 17,2 milliard dollarga baholangan, bu o‘tgan, 2020 yilgidan 13,8 milliard dollarga ko‘pdir.
Live
Barchasi