Teledebatlar: kun tartibida tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari
Biznes
−
23 Oktabr 2021 5630 4 daqiqa
Debatlar partiyalar O‘zbekiston tashqi siyosati va xavfsizligi masalalariga befarq emasligini ko‘rsatdi.
Bundan atigi besh yil oldin O‘zbekistonning tashqi siyosati borasidagi qarashlar, fikrlar faqatgina ma’lum bir idoralar va tashkilotlar tomonidan o‘ta yopiq holda hal qilingan bo‘lsa, bugungi kunda bu boradagi o‘zgarishlar barcha siyosiy institutlarning ham vazifasiga aylanganini ko‘rishimiz mumkin. Ilgari siyosiy partiyalarning tashqi siyosat haqidagi qarashlari ma’lum bir fikrlar bilangina cheklangan bo‘lsa, hozirda bu borada ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi va bu holatlar siyosiy targ‘ibot va saylovoldi jarayonlarda aniq namoyon bo‘ldi.

Mutaxassis sifatida partiyalararo debatning tashqi siyosat va xavfsizlik mavzusiga bag‘ishlangan sonini diqqat bilan kuzatdim. Bu galgi teledebatlar yaqin-yaqinlargacha o‘ta yopiq bo‘lgan tashqi siyosat va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangani bilan ajralib turdi.
Bu bir tomondan partiyalarning potensialini namoyon etsa, ikkinchi tomondan erkin jamoatchilik ko‘z o‘ngidagi kurashlar natijasida ular toblanadi. Jamoatchilikning siyosiy ongi va madaniyati oshadi, pirovardida bunday masalalarni yanada kengroq va mukammalroq muhokama qilishga zamin hozirlanadi. Ertaga saylovlarda qaysi partiya nomzodi yutib chiqishidan qat’iy nazar, teledebatlarda ilgari surilgan konseptual g‘oyalardan amaliyotda foydalanadi.
Teledebatni kuzatib, muhim bir masalaga e’tibor qaratdim. Bu Markaziy Osiyo masalasida partiyalarning yagona konsensusga ega ekanligi. Ya’ni, ularning hammasi Markaziy Osiyo tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi ekanligini e’tirof etishdi. Xullas tashqi siyosatdagi qo‘shnilar bilan ahil qo‘shnichilik siyosati hammani qiziqtiradi va ko‘pchilikka manzur.

Teledebatda yondashuvlar turli-tumanligi, hatto, bir-biriga butunlay zid pozitsiyalar ilgari surilganiga guvoh bo‘ldik. Masalan, qochqinlar masalasida XDP vakili ularni O‘zbekistonga kiritmaslik. Yoki milliy xavsizlikka tahdid sifatida Ekopartiya nomzodining vakili Orol muammosini, XDP vakili axborot xuruji masalasini, “Milliy tiklanish” vakili ma’naviyatga tahdidni, qolgan partiyalar kompleks tahdidlarni e’tirof etdilar.
5 ta siyosiy partiya dasturlari bilan tanishib chiqish asnosida aytish mumkinki, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan davlatlar bilan yaqin aloqalari bobida O‘zLiDeP va “Adolat” SDP partiyasi nomzodi vakillarining bu boradagi yondashuvlari menga yoqdi. “Adolat” SDP vakili masalaga yanada chuqurroq yondashib, rivojlangan g‘arb bilan eng zamonaviy texnologiyalar borasida hamkorlikni kuchaytirish masalasini ko‘tardi.
Tashqi siyosat masalalari muhokama qilingan debatda ko‘pchilik saylovchilarimiz O‘zbekistonga qo‘shni mamlakat bo‘lmish Afg‘onistonda so‘nggi paytlarda ro‘y bergan voqealar, xususan afg‘on zaminidan AQSH qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi, Afg‘onistonda hokimiyat almashinuvi va uning natijalari yuzasidan partiyalar pozitsiyalarining ochib berilishini kutganliklari tabiiy. Partiyalar nomzodlari saylovoldi dasturlari hamda debatda ishtirok etgan mutaxassislar va ekspertlarning chiqishlaridan kelib chiqib aytish joizki, aksariyat siyosatshunoslar uchun ham “nozik” bo‘lgan afg‘on masalasi barcha partiyalar dasturlarida to‘g‘ri talqin etilmagan va partiyalar Afg‘oniston masalasiga doir o‘z taklif-tashabbuslari hamda partiyaviy pozitsiyalarini shakllantirishda tizimli yondashmaganliklari ma’lum bo‘ladi.
O‘zLiDeP nomzodi vakilining chiqishida mamlakatimizning qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, jafokash afg‘on xalqiga barcha yordamni ko‘rsatish taklifini ushbu qo‘shni davlat bilan ayni paytda olib borayotgan siyosatimizning mantiqiy davomi sifatida baholasak bo‘ladi. Bu borada “Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘lining qurilishi hamda energetika, savdo va sanoat sohalaridagi strategik va muhim loyihalar hamkorlikda amalga oshirilishini ilgari surish orqali Afg‘onistonga katta muammo va xavf-xatar o‘chog‘i sifatida qarashdan voz kechib, ushbu zamin Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarida muhim ko‘prik vazifasini bajarishi kutilayotganligini anglash mumkin.
Bahslarda barcha partiya vakillari xorijga vaqtincha ishlashga ketgan vatandoshlar bilan aloqani mustahkamlash zarur, deb ta’kidlashdi. To‘g‘risini aytganda ayrim partiyalar tomonidan yuqoridagi muammolar bo‘yicha aniq mexanizmlar ochib berilmadi. Masalan, “Adolat” SDP doimgidek huquqiy asoslarini takomillashtirish, degan umumiy gapdan nariga o‘tmadi, “Milliy tiklanish” partiyasi esa yana xorijdagi vatandoshlarning moliyaviy imkoniyatlaridan foydalanish masalasini ko‘tarib chiqdi. XDP partiyasi bunday muammolarga xalq diplomatiyasini rivojlantirish orqali yechim topish mumkinligini ta’kidladi. O‘zLiDeP esa Alisher Navoiy nomli xalqaro institutni shakllantirish orqali vatandoshlar bilan aloqalarni o‘rnatish mumkin, degan g‘oyani o‘rtaga tashladi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida tashqi iqtisodiy munosabatlar jadallashdi, bunda O‘zbekiston bilan xorijiy mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatildi. Siyosiy partiyalar ham teledebatlar davomida mazkur masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi. “Milliy tiklanish” partiyasi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni tezlashtirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Afg‘oniston bilan ham yaqin iqtisodiy va siyosiy munosabatlar yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdi. Biroq, mazkur partiyalar tomonidan ilgari surilgan takliflarni amalga oshirish mexanizmi aniq va ravshan ifoda etilmadi. Shu o‘rinda, O‘zLiDeP mazkur masala yuzasidan O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Bu galgi debatlarda partiyalarning siyosatga qiziqishi ortganligi, ularning ma’lum bir siyosiy bilimlari shakllanganini ko‘rishimiz ham mumkin.
Umuman olganda, debatda tashqi siyosat bilan bog‘liq masalalarning muhokama qilinishi fuqarolik jamiyati sari qo‘yilgan navbatdagi qadam, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jurnalist Bobur Obidov
Live
Barchasi