Tel-Avivda minglab namoyishchilar Netanyaxuni HAMAS bilan kelishuvga erishishga chaqirdi

Olam

image

Minglab isroilliklar Tel-Avivda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning “Shin Bet” (SHABAK) direktori Ronen Bar va Isroil Bosh prokurori Gali Baharav-Miarani o‘z lavozimlaridan chetlatish harakatlariga qarshi namoyishga chiqdi. Namoyishchilar, shuningdek, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishishni talab qilishgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Namoyishlar markaziga aylangan Tel-Avivdagi Begin ko‘chasi va Habima maydonini minglab namoyishchilar to‘ldirdi. HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish va mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan isroillik mahbus Ilana Gritevskiy hukumatni zudlik bilan kelishuvga erishish yoki iste’foga chiqishga chaqirdi.

“G‘azo sektorida saqlanayotgan mahbuslarni taqdiriga tashlab qo‘ysangiz, tunlari qanday tinch uxlay olasiz? Hukumat barcha mahbuslarni bosqichma-bosqich yoki guruh bo‘lib emas, birdaniga qaytarish tashabbusini ko‘rsatishi kerak”, dedi Gritevskiy.

Minglab namoyishchilar ham Habima maydonida to‘planib, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi va Netanyaxuning Barni ishdan bo‘shatish qaroriga norozilik bildirdi.

Isroillik mahbuslar oilalari platformasi AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan Bosh vazir Binyamin Netanyaxudan barcha mahbuslarni zudlik bilan ozod qilishni ta’minlovchi taklifni taqdim etishini talab qildi.

“Biz AQSH Prezidenti va Bosh vazir o‘rtasidagi uchrashuv burilish nuqtasi bo‘lishini va 59 mahbusni qaytarish bo‘yicha kelishuvga yo‘l ochishini kutamiz”, deyiladi platforma bayonotida.

Mahbuslarning oilalari nafaqat Netanyaxuga, balki AQSH Prezidenti Donald Trampga ham murojaat qilishgan.

“Bir yarim yil davom etgan son-sanoqsiz amaliyotlar, o‘t ochishni to‘xtatish va bir xil hududlarda (G‘azo sektorida) yangilangan janglardan so‘ng, to‘g‘ri va adolatli qaror qabul qilish vaqti keldi. Urushni to‘xtatib, barcha asirlarni bir kelishuvda, kechiktirmasdan va bosqichma-bosqich kelishuvlarsiz uylariga olib kelinglar. Bundan ortiq diplomatik yutuq yo‘q”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, 5 aprel kuni ham Isroilning poytaxti Tel-Avivda o‘n minglab odamlar G‘azo sektoriga hujumlarni zudlik bilan to‘xtatish talabi bilan namoyishga chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing