Turkiya yangi harbiy texnikalarini namoyish qildi

Tahlil

Turkiyaning tashqi va ichki siyosati, madaniyati, kino sanoati, iqtisodiyoti va turistik imkoniyatlari haqida ko‘p eshitgansiz. Ammo uning harbiy imkoniyati, qurolli kuchlari safidagi samolyot, vertolyotlaridan, yangi texnologiyalardan qay darajada xabardorsiz?

Bular haqida bilish uchun kitob varaqlash, uzoq vaqt davomida internetdan ma’lumot axtarishingiz shart emas. Shunchaki, Turkiyada bo‘lib o‘tadigan TEKNOFEST deb nomlanuvchi festivalda ishtirok etsangiz kifoya.

Turkiyaning ushbu eng yirik aviatsiya, ayerokosmik va texnologiya festivali dastlab Istanbul ayeroportida 2018 yil sentyabr oyida Turkiya texnologiya jamoasi jamg‘armasi (T3) tomonidan xususiy kompaniyalar, vazirliklar va akademik muassasalar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan. Festivalning asosiy maqsadlari jamiyatda texnologiya haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish va milliy ishlab chiqarishning ahamiyatiga e’tiborni qaratishdir.

Ha, Turkiya hech qachon o‘z imkoniyatlarini yashirib o‘tirmaydi. Aksincha, ular bilan faxrlanishni xush ko‘radi. Shu maqsadda har yili bir necha kun davom etadigan texnologiyalar va harbiy samolyotlar, dron qurilmalari namoyish qilinadigan TEKNOFEST festivalini o‘tkazib keladi. 

Shuningdek, tashrif buyuruvchilar Solo Turk hamda Turk Yildizlari uchuvchilar guruhining havodagi atrobatika namoyishlaridan, aviashoulardan bahramand bo‘ldi.

Hurkush, Atak Helicopter, Solo Turk, Turk Yildizlari, GYROCOPTER, Aksungur, Gokbey, AB412 va S70 Steel Wings kabi vertolyot va uchuvchi qurilmalari havoga ko‘tarildi.

Qolaversa, statik ko‘rgazma maydonida BAYRAKTAR MİUS KIZILELMA namoyish etildi, Hurjet, Akıncı, F-16, F-4, AS-532 EuroCopter, T-38, CN-235 CASA (HVKK), CN-235 CASA, ATAK – II, Hurkush, TB-2, AB 412, ANKA, GÖKBEY, Beli 429 va MMU kabi harbiy vertolyot, samolyot va uchuvchisiz qiruvchi samolyotlar namoyish etilib, tashrif buyuruvchilar ularni ushlab ko‘rishi, ular haqida ma’lumot olishi va suratga tushishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Bularni qayerdan bilasiz, deysizmi?

Chunki 27 aprelda Istanbulning Otaturk ayeroportida boshlangan, Turkiyaning 100 yoshli yubileyiga atalgan 2023 yilgi ushbu TEKNOFEST’ga borgan 2 millionga yaqin mehmonlar orasida biz ham bor edik.

1.    Bayraktar Kizilelma

Bu yilgi festivalning eng katta yangiligi Bayraktar Kizilelma tovushdan tez uchuvchi reaktiv samolyotidir.

Uning asoschisi muhandis, “Baykar Makina” kompaniyasi direktori Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi, Selchuk Bayraktar bo‘lib, u 2021 yil 4 avgustida Aerokosmik sammit tadbirida Kizilelma’ning xususiyatlarini sanab bergan edi. Uni sinab ko‘rish baxti esa 2023 yilgi TEKNOFEST’ga to‘g‘ri keldi.

Uning maksimal uchish og‘irligi taxminan 6000 kg ni tashkil qiladi, shundan 1500 kg dan ortig‘i foydali yukdir va bitta turbofan bilan jihozlangan.

Undagi o‘q-dorilar sig‘imi 1 tonnaga teng. Katapult yordamisiz tutqichlar va ilgaklar orqali uchish va qo‘nish xususiyatlari intellektual flot avtonomiyasi, agressiv manyovr qilish imkoniyati, yashiruvchanlik, dushmanning havo mudofaasiga bostirib kira olish qobiliyati, raketa hujumlaridan saqlanish va strategik hujumlarni amalga oshirish, parvoz samaradorligi kabi bir qancha xususiyatlari mavjud.

2.    TB3 uchuvchisiz samolyoti

Shuningdek, joriy yilgi TEKNOFEST’ning asosiy yangiliklaridan biri Baykar kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan og‘irligi 280 kilogramli TB3 uchuvchisiz uchish qurilmasi, ya’ni dron bo‘lib, u o‘zi bilan 1,5 tonnagacha bo‘lgan snaryadlarni olib yuroladi. Mazkur harbiy qurilma xavfsizlikni ta’minlash va Turkiyaning harbiy imkoniyatlarini oshirish uchun xizmat qilishi aytilmoqda.

3.    “Altay” tanki

Navbatdagi yangilik bilan tanishing. Turkiya endi harbiy tanklar ham ishlab chiqaradi. Harbiy sanoatning og‘ir turi hisoblangan tanklar ishlab chiqaruvchidan katta mashaqqat va aniq hisob-kitoblarni talab qiladi. Maxsus turk tanki esa mana shu talablarga javob bera olishi aytilmoqda. TEKNOFEST’da namoyish qilingan “Altay” tanki namunasi Prezident Erdo‘g‘anning aytishicha, uning o‘n yil avval taqdim etilgan prototipidan butunlay boshqacha va ustun imkoniyatlarga ega.

Aytilishicha, tankning yangi versiyasida zirh dizayni yaxshilangan va Akkor faol himoya tizimi qo‘shilgan. “Altay”ning og‘irligi 65 tonnani tashkil etadi. U Javelin kabi tankga qarshi raketalarga ham bardosh bera olishi aytilmoqda. Jangovar mashina 1919-1923 yillarda Turkiyaning mustaqillik urushida qatnashgan general Fahrettin Altay xotirasiga shu nom bilan atalgan.

Ta’kidlanishicha, tank deyarli butunlay Turkiya mudofaa korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan. Qurollarning alohida elementlari, shu jumladan, o‘qlari ham Janubiy Koreyaning HYUNDAI kompaniyasidan mamlakatga berilgan litsenziyalar asosida ishlab chiqarishga qaror qilingan.

Altay tankining yangi versiyasini ishlab chiqaruvchisi Turkiyaning “BMC Defense” kompaniyasidir. Tankdagi yong‘inni nazorat qilish kompyuter tizimi yordamida amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda 250 ta tank ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Anqara jami mingta jangovar mashina ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Kelajakda masofadan boshqariladigan versiyalarni chiqarish rejalashtirilgan.

Altay tanki garchi bu yilning o‘zidayoq TEKNOFEST’da namoyish qilingan bo‘lsada, uni sinovdan o‘tkazish 2024 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan, 2026 yilning ikkinchi yarmida esa mahalliy tankni ommaviy ishlab chiqarish boshlanadi.

4.    TOGG turk milliy elektromobili

TEKNOFEST’ning to‘rtinchi yangiligi bu TOGG turk milliy elektromobilidir. Ko‘rgazma maydoniga qo‘yilgan mazkur avtomobil tomoshabinlar uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi. Odamlar navbat kutib aynan shu turk milliy elektromobili bilan tanishishga, uning ichiga o‘tirib ko‘rish, funksiyalarini tekshirishga harakat qildi.

Elektromobil 218 ot kuchiga ega bo‘lib, ikki xil batareya varianti bilan 314 va 523 kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. Batareyalar 28 daqiqadan kamroq vaqt ichida 20 dan 80 foizgacha quvvatlanishi mumkin. Shuningdek, elektromobilning ikkinchi versiyasi joriy yilning oktyabr oyida taqdim etilishi aytilmoqda.

Uning narxi esa 1 million 55 ming lira (taxminan 55 ming 600 dollar), uzoq masofali modeli esa 1 million 215 ming lira (taxminan 64 ming dollar)ni tashkil qiladi.

Erdo‘g‘an xuddi shu elektromobildan O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Aliyevga ham sovg‘a qilgandi.

Qolaversa, Selchuk Bayraktar endilikda Turkiyaning kosmosga chiqish niyati borligini, buning uchun mahoratli yosh kosmonavtlar orasidan ikki nafari tanlab olinganini aytib o‘tdi.

Xullas, 2023 yilgi TEKNOFEST avvalgi yillarda bo‘lib o‘tgan festivallarga qaraganda ancha yangiliklarga boy va shov-shuvli bo‘ldi. Selchuk Bayraktarning otashin nutqi, kasal ekani aytilgan Erdo‘g‘anning ko‘rinish berishi, unga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning hamroh bo‘lgani va hokazolar festival mazmunini yanada boyitdi deyish mumkin.

Eng muhimi, Turkiya endi nafaqat siyosiy, iqtisodiy, turistik tomonlama, balki mana o‘zingiz yuqorida guvohi bo‘lganingizdek, harbiy texnologiyalar tomonlama ham rivojlanmoqda. Albatta, yaxshi ma’noda Turkiyaning hech qachon bunday jangovor va qiruvchi harbiy texnikalarga ishi tushmasin deb qolamiz. Ammo endilikda odamlar ularni o‘z ko‘zi bilan yaqindan ko‘rib, ushlab tanishish imkoniyatiga egalar. Ularning harbiy tomonlama tushunchalari oshmoqda. Butun mamlakat texnologik rivojlanishga aqlan va jismonan tayyorlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing