Texasliklar 80 qavatdan iborat mahalla quradi
Bu qiziq
−
30 noyabr 2022
69942023 yilning yozida AQSHning Texas shtatidagi Ostin shahrida “Wilson Capital” deb nomlangan 80 qavatli vertikal mahalla quriladi. Bu haqda binoni loyihalashtirgan bosh arxitektor Bred Uilkins CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vertikal mahallalar o‘zida ham turar-joy, ham jamoat binolarini mujassam etadi. Bunday majmuadan mavjud mahallalarda bo‘lgani kabi nonvoyxona, savdo do‘konlari, kichik maktab va bolalar bog‘chasi hamda xonadonlar joy oladi.
“Bizning maqsadimiz eng baland bino qurish emas, balki odamlarga qulaylik yaratish. Vertikal mahallalarning o‘ziga xos jihati odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan turmush tarzidir. Misol uchun, men har kuni liftda, ko‘chada, yo‘laklarda yangi odamlar bilan uchrashaman va ular bilan suhbatlashaman. Biz loyihani yaratayotganda mana shunday qadriyatlarni inobatga oldik”, deydi arxitektor Bred Uilkins.
Bu inshoot Texasdagi eng baland turar-joy binosi bo‘lishi aytilmoqda. Bino 450 ta turar-joy xonadonidan iborat bo‘lib, yuqori tejamkor quvvat manbayi bilan ta’minlanadi. Binoning tashqi qoplamasida quyosh va shamoldan himoyalovchi maxsus bo‘yoq ham qo‘llaniladi.
Ma’lumot uchun, hozirda Ostin shahrida eng baland bino “JPMorgan Chase” minorasi bo‘lib, balandligi 300 metrni tashkil qiladi. “Wilson Capital” vertikal mahallasi esa bu binodan 10 metr baland bo‘ladi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi