Tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazganlik bo‘yicha MJtKga o‘zgartish kiritishga oid qonun rad etildi

Jamiyat

image

Senatning yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206-1-moddasi (Tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik)ga o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokamada Qonunni ishlab chiqishda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholining daromadlari, ularning ijtimoiy-psixologik holati, shuningdek, oilalarni saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro tashkilotlarning takliflari inobatga olinmaganligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.

Xususan, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha qonunchilikni ishlab chiqishga doir BMT tavsiyalarida oiladagi zo‘ravonlik sodir etganlikda ayblangan shaxslarga jarima solishni jabrlanuvchiga tushadigan yuk sifatida qarash va shuning uchun huquqbuzarlar uchun nomaqbul jazo turi sifatida qarash kerakligi nazarda tutilgan.

BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi O‘zbekistonning 6-davriy hisoboti bo‘yicha yakuniy tavsiyalarida himoya ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun tegishli tiyib turuvchi jazo choralarini qo‘llash kerakligi ta’kidlangan.

Shuningdek, “Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi”ning 35-tavsiyasida himoya choralarini qo‘llash zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlik natijasida jabrlangan xotin-qizlarga moliyaviy, byurokratik yoki shaxsiy xususiyatga ega haddan ortiq yukni qo‘llashni nazarda tutmasligi bayon etilgan.

Muhokama jarayonida tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun belgilangan jazo amalda jabrlanuvchiga yuk sifatida tushayotganligi qayd etildi.

Mahalliy hamda xorijiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderini buzgani uchun jarimaga tortish Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida konvensiyasining 2-moddasi (xotin-qizlarga nisbatan har qanday kamsituvchi hatti-harakatlar va harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyish) bo‘yicha O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini buzishiga olib kelish ehtimolini kuchaytiradi.

Bu esa, o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hukumatning 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandida ham tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini davolash, maslahat berish, yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazga joylashtirish xarajatlarini, moddiy zararni qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyati yuklangan.

Majlis davomida oiladagi tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish uchun nafaqat javobgarlikni oshirish, balki birinchi navbatda ma’naviy, tarbiyaviy hamda oilani kelgusida har tomonlama moddiy va barkamol jihatdan yashab ketishini ta’minlash uchun tegishli tizimli va mantiqiy bog‘liq bo‘lgan ketma-ket choralarni keltirib chiqaruvchi qonun normalarni ishlab chiqish zarur ekanligi ta’kidlandi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206-1-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonunni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

7

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing