Tayvanda 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
Olam
−
19 Sentabr 2022
5655Kecha, 18 sentyabr kuni Tayvanning aholi kam yashaydigan janubi-sharqiy qismida 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, voqea natijasida qurbon bo‘lganlar yo‘q.
Yer silkinishini AQSH geologiya xizmati 7,2 magnitudali deb qayd etgan bo‘lsa, Tayvan hukumati yer silkinishini 6,8 magnitudali deb baholagan. Zilzila epitsentri orolning sharqiy sohilidagi Xualyan okrugida, 10 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Tayvan o‘t o‘chirish departamentining ma’lum qilishicha, Yuli shahrida qulab tushgan maishiy do‘kon joylashgan binodan to‘rt kishi qutqarilgan, ko‘priklar jiddiy zararlangan. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, 600 dan ortiq odam yo‘llar o‘pirilishi natijasida Chike va Liushishi tog‘li hududlarida qolib ketgan, biroq jabrlanganlar yo‘q va hozirda qutqaruvchilar yo‘llarni ochish ustida ishlamoqda.
Tayvan temir yo‘llari ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Tayvan sharqidagi Dongli stansiyasida platforma tomining bir qismi qulab tushganidan keyin vagonlar relsdan chiqib ketgan, biroq jarohatlanganlar yo‘q.
AQSHning Tinch okeanidagi sunami haqida ogohlantirish markazi zilziladan keyin Tayvanni ogohlantirgan, ammo keyinroq ogohlantirishni bekor qilgan. Keyinroq Yaponiya ob-havo agentligi Okinava prefekturasi uchun sunami xavfi haqida ogohlantirishni bekor qilgan.
Yirik zavodlar joylashgan janubiy Tayvan va Kaosyung shaharlaridagi ilmiy parklar faoliyatga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagani aytildi.
Ma’lumot o‘rnida, Tayvan ikkita tektonik plitalarning tutashgan joyi yaqinida joylashgan va zilzilaga moyil hudud hisoblanadi. 2016 yilda Tayvan janubida yuz bergan zilzila oqibatida 100 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 1999 yilda esa 7,3 magnitudali zilzila 2000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan edi.
LiveBarchasi