Tatuirovka teri saratoniga sabab bo‘ladi...mi?

Salomatlik

image

Bundan bir necha yil avval odamlar orasida o‘z tanasiga turli suratlarni, shakllarni chizdirish, yozdirish – ya’ni tatuirovka qildirish odat tusiga aylanib qolgandi. Bunday holatni hatto taniqli shaxslarda ham uchratganmiz.

Tatuirovka dastlabki yillar modaning bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘la boshladi. Ayniqsa, g‘arb yulduzlarining tatuirovka qilingan tanasini reklama qilib suratga tushishi yoki shunga monand tarzda kiyinib yurishi boshqalarni ham ko‘r-ko‘rona ergashishiga sababchi bo‘ldi. Biroq ko‘p o‘tmay uning zararlari yuzaga chiqdi.

Tatuirovkaning tarixiga oid ma’lumotlar u ilk bor Misrda paydo bo‘lganidan dalolat beradi. U paytlarda odamlar o‘zlarining ma’lum bir qabilaga tegishli ekanligini, ijtimoiy identifikatorlarini ko‘rsatish va shu orqali janglarda himoyalanish maqsadida tanasiga turli belgilarni chizdirgan.

Professor Rikkening ta’kidlashicha, yevropaliklarning tatuirovka haqidagi qarashlari va uni o‘zlarida sinab ko‘rishlari XVIII asrning boshlarida yuzaga kelgan.

Jarayon qanday kechadi?

Tatuirovkani amalga oshirish uchun maxsus apparatlar mavjud. Jarayon naqsh yoki suratning katta-kichikligiga qarab bir necha soatgacha davom etishi, bu vaqtda tanada yengil qon ketishi kuzatilishi mumkin. Ammo hamma ham uning og‘riqlariga chiday olmaydi.

Tatuirovkaning zararli oqibatlari

Tatuirovka qildirganlarning deyarli yarmidan ko‘p qismi vaqt o‘tib o‘z xatti-harakatlari uchun afsuslana boshlaydilar. Bunda uning zararlari keyinchalik yuzaga chiqishi sabab bo‘ladi. Xo‘sh, bular nimalarda ko‘rinadi?

Infeksion xavf

Tatuirovka qildirgan shaxslarda yuqumli kasalliklarga bo‘lgan moyillik yuqori bo‘ladi. Sababi jarayon davomida foydalanilgan ignalarning yangi ekaniga yoki maxsus vositalar yordamida tozalanganiga hech kim kafolat bermaydi. Qolaversa, naqsh chizilganda, bo‘yoqlar 3 mm chuqurlikdagi teriga tushadi. Agar uning bitib ketishiga 2 haftadan bir necha oygacha vaqt ketishini hisobga olsak, har bir noto‘g‘ri ishlov va noqulay sharoit infeksiya tushib terini butunlay zararlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin.

Allergik reaksiya 

Bu kishidagi bezovtalanish jarayonini keltirib chiqaruvchi asosiy kasallik hisoblanadi. Odatda, ishlatiladigan bo‘yoqlar tarkibida qanday moddalar borligini hech kim bilmagani va bunga qiziqib ko‘rmagani natijasida allergik reaksiyalar deyarli har uch odamning birida yuzaga kelishi aniqlangan.

Davolanish jarayonidagi murakkabliklar 

Tatuirovka davrida yallig‘lanish xavfi juda kuchli bo‘ladi. Bunda kichik bir e’tiborsizlik yoki ehtiyotsizlik yaralarning bitish vaqtini uzaytirishi yoki umuman bitmay turib kasallanishiga sabab bo‘ladi.

Keyinchalik yuzaga keladigan asoratlar

Tatuirovkadan so‘ng teri turli tashqi ta’sirlarga avvalgiga nisbatan sezgir bo‘lib qoladi. Misol uchun, quyosh nurlari, kosmetik bo‘yoqlar, dorilardan uzoqroq yurish talab etiladi. Natijada shaxs o‘zi istab-istamay turli vositalardan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.

Teri saratoni

Tatuirovka uchun foydalaniladigan bo‘yoqlar inson salomatligi uchun xavf tug‘diradigan yana bir vositalardan hisoblanadi. Uning bora-bora qonga so‘rilishi va teriga singishi saraton xavfini ko‘paytiradi.

Shuningdek, inson hayoti uchun eng katta xavf deb qaraladigan qon orqali yuqadigan kasalliklar – OITS, OIV va Gepatit Sga chalinish ehtimoli tatuirovkada yuqori darajada bo‘ladi.

Donorlik 

Tatuirovka qilingan shaxslarga 12 oy davomida donor bo‘lish taqiqlanadi. Ularda qon orqali tushishi mumkin bo‘lgan viruslardan himoyalanish darajasi past bo‘lgani sababli ham bu jarayonga deyarli jalb qilinmaydi.

Tatuirovkalarni o‘chirib tashlash mumkinmi?

Tatuirovkalarni faqatgina mutaxassis shifokor va professional kosmetolog maslahati bilan lazer yordamida o‘chirtirish mumkin. O‘zbekistonda bu xizmat narxi 150-200.000 so‘mdan (eng arzoni) boshlanadi. Biroq hamma ham bir bosqichda undan qutula olmaydi. Sababi qora bo‘yoqlarga nisbatan qizil va sariq rangdagi bo‘yoqlarni o‘chirib tashlash ko‘proq vaqt va mablag‘ talab qiladi. Shuningdek, natija ko‘p holatlarda kichik yaralar yoki qizil rangdagi chandiqlar hosil bo‘lishi bilan tugaydi.

1961 yilda juda ko‘p davlatlar tatuirovkaga cheklovlar qo‘ygan. Ayni paytda AQSHda ham bu jarayon nazorat ostiga olingan. Faqatgina Rossiyada tatuirovka bo‘yicha hech qanday taqiq mavjud emas.
​​


Maqola muallifi

Teglar

Tatuirovka

Baholaganlar

66

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar