Tasodifiy video ortidan o‘zbekistonlik muhojir internet yulduziga aylandi (video)
Bu qiziq
−
12 yanvar
72538Tasodifiy olingan video, asli o‘zbekistonlik, Latviyada ishlab yurgan kurerning mashhur bo‘lib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu haqida "Rus.LSM.Lv" telekanali xabar berdi.
O‘qishdan bo‘sh paytlarida Rigada volt yetkazib berish xizmati kureri bo‘lib ishlab yurgan o‘zbekistonlik yigitning pianino chalayotgani aks etgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Hasan Azlarov kafeda buyurtmasini kutayotgan vaqtda pianinoda musiqa chala boshlagan.
Ushbu jarayon uning ijrosidan zavqlangan kafe mijozlaridan biri tomonidan suratga olinib, o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylangan. Tez orada video ko‘pchilikka tarqalib, tomoshabinlarning e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Hasan Azlarov "Rus.LSM.Lv" telekanaliga bergan intervyusida u 7 yoshidan pianino chalishni boshlaganini, so‘ng qiziqishi tufayli Toshkentdagi Glier nomidagi musiqa bilim yurtida tahsil olganini aytib o‘tgan. Ayni paytda magistraturada o‘qish uchun Latviyaga kelgan va bo‘sh vaqtida kurerlik qiladi.
Kutilmagan mashhurlikdan so‘ng, Hasan Azlarovga Rigadagi restoranlardan birida pianinochi bo‘lib ishlash taklifi tushgan. Bu orqali u o‘zi sevgan ish bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Javohir Yo‘ldashov
LiveBarchasi