“TashMI”ga 7 ming dollarga o‘qishga kiritib qo‘yishni aytgan o‘quv markazi rahbari ushlandi
3-sahifa
−
28 iyun 2021
6726Samarqand viloyatida 7 ming dollar evaziga Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan o‘quv markazi rahbari qo‘lga olindi.Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 26 iyun kuni Samarqand viloyat IIBga, R.Sh. va M.M.lar ariza bilan murojaat qilib, unda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi “Hasan” va “Akmal” ismli shaxslar R.Sh.ni Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib 7 ming AQSH dollari so‘rayotganini aytgan va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Samarqand shahridagi xususiy o‘quv markazi rahbari B.A. xizmat xonasida ariza muallifi R.Sh. va M.M.lardan 7 ming AQSH dollari miqdoridagi pulni olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ko‘rilgan choralar natijasida uning jinoiy sherigi E.X. ham qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan, 26 iyun kuni Oqdaryo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi