Tashqi kuchlar O‘zbekiston Prezidenti sayloviga ta’sir o‘tkazishga uringanmi?

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Saylovga chetdan ta’sir bo‘lish holatlariga deyarli barcha davlatlar duch keladi. Biroq, O‘zbekistonning ichki ishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish holatlari sezilmadi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov saylovga qadar tashkil qilingan xorijiy jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi

Joriy yilning 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda so‘z olgan Rossiyaning “Perviy kanal” telekanalidan B.Shishkin quyidagi savol bilan vazirga yuzlandi:

“Savolim bo‘lajak saylovlar bilan bog‘liq. Ko‘rinib turibdiki, Prezident saylovi O‘zbekiston Respublikasi uchun asosiy voqeadir. Lekin bu, albatta, qo‘shni davlatlar uchun ham muhim. Shu munosabat bilan saylovning natijasiga tashqaridan ta’sir o‘tkazishga urinishlar bormi? Agar shunday bo‘lsa, qaysi davlatlardan? Va ular qanday vositadan foydalanmoqchi? O‘zbekiston o‘zining mustaqil saylovlarga bo‘lgan suveren huquqini qanday himoya qiladi?”.

TIV rahbari Komilov ushbu savolga quyidagicha javob qaytardi:

“Savol hammaga ma’lum va juda dolzarb. Menimcha, siz aytayotgan narsaga shunday yirik siyosiy tadbirlar o‘tkazayotgan deyarli barcha davlatlar duch keladi. Biz ichki ishlarga aralashish uchun bunday ochiq-oydin urinishlarni sezmayapmiz. Lekin, tabiiyki, O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlariga oid ko‘plab taklif va tavsiyalar kelib tushmoqda. Biz ularni diqqat bilan o‘rganamiz va e’tiborga olamiz”.

Shu bilan birga vazir O‘zbekistonda Prezident sayloviga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini urg‘ulagan. 

“Eslatib o‘tish kerakki, Prezident sayloviga tayyorgarlik kecha boshlangani yo‘q. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida bu borada ham fikr almashdik. [MDH Davlat rahbarlari kengashining] so‘nggi yig‘ilishida saylovchilarning suveren huquqi va umuman saylov tizimi to‘g‘risida hujjat qabul qilindi. Biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz. 

Biz o‘z suverenitetimizni qat’iy himoya qilamiz, aralashmaslik tamoyiliga amal qilamiz va tadbir (saylov nazarda tutilgan – tahr.) munosabati bilan hech qanday diktaturaga yo‘l qo‘ymaymiz. Vaholanki, O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning bir qismidir. Bo‘lajak saylovlar munosabati bilan biz milliy manfaatlarimiz va davlat suverenitetini ustuvor, deb hisoblagan holda xalqaro hamkorlikni olib boramiz”, deydi Komilov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovining natijalariga ko‘ra, O‘zLiDep nomzodi Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. 

Ma’lumot uchun, saylovda ishtirok etgan nomzodlar quyidagicha ovoz to‘pladi:

•  O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov – 3,4 foiz;

•  O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Naimovich Oblomuradov – 4,1 foiz;

•  O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Keldiyevich Qodirov – 5,5 foiz;

•  O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Azizovna Varisova – 6,6 foiz;

•  Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 80,1 foiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

79

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing