Tashanov Ombudsman Karimov davridagidek tizimga qaytganini aytdi

Tahlil

07

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan oralarida “qora mushuk” o‘tganining sababini aytdi.

Avvalroq, uning QALAMPIR.UZ saytida e’lon qilingan Navoiydagi 4-son jazoni ijro etish koloniyasidan o‘ligi chiqqan Oyatullo Maxsumovning vafoti haqidagi “Ichkaridagi ishlar”  maxsus filmida O‘zbekiston turmalarida mahkumlarga nisbatan qiynoqlar, Ombudsman bilan gapi bir joydan chiqmay qolgani haqidagi fikrlari Ombudsmanning “jahlini chiqargandi”.

“QALAMPIR.UZ va mening qiynoqlar, ularning avj olayotgani xususidagi mulohazalarimiz bu idorani ranjitibdi. Men ularning yuksak ishonchini suiiste’mol qilib, berilgan so‘z erkinligi imkoniyatlaridan foydalanib, jamoatchilik orasida Ombudsman faoliyatiga ishonchsizlik tug‘dirayotgan ekanman”, deya yozib qoldirgan Tashanov o‘zining Facebook sahifasida.

Shuningdek, huquq faoli Ombudsmanning unga nisbatan bildirgan fikrlarini “shantaj” deb atagan va  uning “ayb”lari Ombudsman tomonidan yaqinda jurnalistlarga tarqatilishini “bosh ustiga” deya qabul qilgan.

“Ombudsman o‘tgan yili meni o‘zi bilan bir-ikki qamoqxonalarga olib bordi. Bosh prokurorlar [Rashid Qodirov, Ixtiyor Adbullayev] voqeasi ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak – mening ular haqida gapirganim yoqmabdi kattalarga. Bu yil xodimimiz Behzod Nurmatov Ombudsman bilan birga qamoqxonalarda bo‘lib qaytdi. Bloger Otabek Sattoriy hamda Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev xususida xabar berdik, jurnalistlar ajiotaj qilishdi. Aybimiz shu!

Ombudsman idorasi avval iltimos, so‘ng bosim qilib, materiallarimizni o‘chirtirishdi. Biz albatta ulardan so‘rab yozishimiz, gapirishimiz kerak ekan. Ustimizdan jinoyat ishi qo‘zg‘attirish bilan po‘pisa qilishdi, tushuntirish xatlari yozdirib olishdi. Mahkumlardan bizga qarshi shikoyat yozdirib olish o‘zlariga pista chaqishdek gap ekanini aytib, qo‘rqitishmoqchi bo‘lishdi”, degan Abdurahmon Tashanov.

Shuningdek, u Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakiliga shu davrgacha yaqindan yordam berib, uning xatolarini ichga yutib kelganini qo‘shimcha qilgan. Buning uchun xorijdagi ayrim do‘stlari Tashanovni hukumatga sotilganlikda ayblagan ham.

“Rasmiy majlislarda Ombudsman institutini rivojlantirish, ularning huquqiy bazasini mustahkamlash va byudjetini keskin oshirish haqida gapirib keldik. Lekin negadir bu gaplarimiz, kulgili byudjet haqidagi talablarimiz o‘sha paytda ham bu idoraga yoqmasdi. Endi tushunmoqdamanki, hozirgi jamoaga ish ham, mablag‘ ham kerakmas ekan. Nega?

Jurnalistlar va biz qiynoqlarning ko‘payayotganidan tashvish bildiryapmiz, keltirayotgan iddaolarimizni o‘rganishi kerak bo‘lgan bu mulozimlar bo‘lsa, qiynoq yo‘q, hammasi joyida, deb bizni marginallashtirishga urinmoqda”, deb ta’kidlagan inson huquqlari faoli.

Post yakunida Tashanov Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakilining hozirgi faoliyatini Birinchi Prezident Islom Karimov davridagi faoliyati bilan taqqoslagan.

“Karimov zamonida ham shunday edi: go‘yo, Ombudsmanga ko‘ra, hammasi zo‘r – “Ezgulik” esa g‘alamis, ichiqora va savodsiz edi. Orada birpas ana shu marginallar bilan hamkorlik qilishdi, qarashsa, orkestrga mos emasmiz.

Eshmatova boshchiligidagi Ombudsman o‘sha paytlardagi idoraning “nufuzi” va ish yuritish uslublarini tikladi. Ofarin!”, degan Abdurahmon Tashanov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ shu yilning 9 oktyabr kuni Navoiy viloyatidagi 4-son jazoni ijro etish koloniyasida muqaddam to‘rt marotaba sudlangan mahkum Oyatullo Maxsumovning o‘z joniga qasd qilgani holati bo‘yicha surishtiruv maxsus filmini e’lon qilgandi. Unda marhumning yaqin qarindoshlari, xalq vakili bo‘lgan andijonlik deputat, Jazoni ijro etish departameni matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev hamda inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovdan fikr olingandi.

Ko‘p o‘tmay  Ombudsman materialga rasmiy munosabat bildirib, jurnalistni “holatni yaxshi o‘rganmaganlik”da, “xolislik tamoyili buzilganlik”da, “Ezgulik” jamiyati raisi Tashanovni esa “asossiz xabarlar tarqatish”da ayblagandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

219

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing