Tarozidan “urib qoluvchi”larga Islomda qanday jazo bor?

Jamiyat

Bismillahir rohmanir rohiym. Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh. Muhtaram azizlar, hurmatli yurtdoshlar! Barchamizga Ramazoni sharif oyi muborak bo‘lsin.

Bu oyda mo‘min-musulmonlar ro‘za tutish bilan bir qatorda mehnat bilan, o‘z kasblari bilan shug‘ullanishadi. Savdoda halol va pok bo‘lish esa mo‘minning eng muhim amallaridan biridir. Chunki birovning haqqiga xiyonat qilish Allohning qahriga mubtalo bo‘lishdir. Qur’oni Karimda 114 ta suraning 1 tasi Mutaffifin surasidir, ya’ni, “urib qoluvchi”lar haqida. Birovning haqqidan qo‘rqmaydiganlar haqida Alloh taolo alohida sura nozil qildi. Suraning avvali esa “Urib qoluvchilarga la’nat bo‘lsin, do‘zax bo‘lsin”, deyilgan dahshatli oyatlar bilan boshlangan. Birovning haqqidan qo‘rqmayotganlarni do‘zax ahli ekanligini O‘zi ma’lum qilmoqda.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Agar banda qorniga halqumidan o‘tib tushayotgan ne’matni qayerdan ekanligiga e’tibor bermasa, Alloh taolo qiyomatda ul bandaning qanday holatga tushganiga e’tibor qaratmaydi”, deya marhamat qilganlar. Imom Muhammaddan taqvo haqida kitob yozishini so‘rashganida, allaqachon yozib qo‘yganlarini aytdilar. Bu kitob savdo haqidagi kitob edi. Ya’ni, demoqchilarki, kimki savdoda, oldi-berdida halol, pok va to‘g‘ri bo‘lsa, eng taqvodor inson o‘shadir. Chunki savdoda foyda borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun ham u yerda shayton bor, nafs bor. Bularga yengilmagan esa mujohid odamdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Halolni talab etish bu – jihoddir”, deganlar. Biz bugungi kunda savdodagi halolikka katta e’tibor qaratishimiz kerak.

Azizlar, Ramazon oyida biz aslida yengillik qilishimiz kerak. Mayli foydamiz biroz kamaysin. Narx navoni yengillatib, odamlarning xarid qilishiga ko‘makchi bo‘lishimiz zarur. Ijtimoiy tarmoqlar orqali Ramazon oyida bozorlardagi narxlarni arzonlashtirgan ba’zi musulmon davlatlar haqida eshitib qolamiz. Yurtimizda ham mana shunday an’analarga o‘tishimiz kerak. Ramazonda biror bir foyda ko‘rib qolish payida emas, balki odamlarga yengillik qilish niyatida bo‘lishimiz lozim. Masalan, go‘shtning narxi pasayishi kerak. Qanday qilib 10 kun ichida ko‘tarilib qolishi mumkin. Yo qoramol yemishining narxi oshib kettimi, yoki transportga sarflanayotgan mablag‘i ko‘paydimi?! Bu kabi holatlarni kuzatib hayron qolasan! Axir o‘sha sotayotganlar ham ro‘zador va Allohdan kata-katta ajrlarni umid qilayotgan bo‘lishi mumkin-ku. Ramazonda yengillik va saxovat qilishimiz kerak. Odamlar qancha-qancha saxovat qilayotgan bir paytda biz foyda ko‘ryapmiz. Shu foydalarimiz hisobiga odamlarga oz bo‘lsada yengillik qilaylik. Birodarlar, shundagina fazilat bo‘ladi.

Imomi A’zamning savdosi mato bilan edi. Bir yurtdan 1000 metr gazlama olib kelsa, shundan 900 metrini sotib, sarflagan mablag‘ini chiqarsa, matoning qolganini o‘z narxida sotib yuborardilar. Ya’ni qolgan 100 metrini ustiga qo‘ymasdan, olib kelgan narxida sotganlar. Imkoniyati yo‘q insonlar Imomi A’zamning savdosi oxirlashishini kutar ekanlar. Chunki bilishganki, savdo oxirlagach bu zot narxlarni arzonlashtirib yuboradi. Savdoda odamlarga yengillik qilishni Imomi Azam o‘sha paytlarda targ‘ib qilganlar. Agarda biz tarixda o‘tgan mana shu kabi insonlarning amallarini o‘rganadigan bo‘lsak, ular saxovatga juda katta e’tibor berishganligini ko‘ramiz. Mana shu kabi ishlarni Ramazonda qilsak, odamlarga yengillik yaratsak, katta savobga ega bo‘lamiz. Yaqinda 2500 so‘mlik nonni 1000 so‘mdan sotilayotgani haqida bir xabar chiqdi. Menimcha, ular faqatgina unning narxini olishyapti shekilli. Ramazonda tekinga ishlashyapti. Odamlarga saxovat qilishyapti.

Agar odamlar biror narsani10 kun oldin ma’lum bir narxda sotib olsa-yu, Ramazonda esa xuddi o‘sha narsani ikki barabar qimmatga olsa, albatta, rozi bo‘lib olmaydi. Ich ichidan norozi bo‘ladi. Ammo shunday insonlar ham borki, Ramazon oyida birodarlariga va begona odamlarga ham yaxshilik qilishyapti. Mashinasini bir insonga “arenda”ga bergan yigit “Aka, bu oy har doim beradigan mablag‘ingizni yarmini bersangiz ham bo‘ladi”, deya unga katta yordam qilganini ham ko‘rdik. Azizlar, Ramazonda mana shu kabi ishlarda rag‘batli bo‘lishimiz kerak.

Birovning haqqi mo‘min insonga yuqmaydi. Tobeinlar davrida bir odam “Ikkita olovli tog‘, ikkita olovli tog‘”, deya jon berdi. Keyin bu inson kim ekanligini, nima uchun aynan ikkita olovli tog‘ deganini surishtira boshlashdi. Ma’lum bo‘lishicha bu odamning kasbi savdogar hamda uning ikkita tarozisi bo‘lgan. Biri kam ko‘rsatadigan tarozi bo‘lib, unda o‘zi sotib olayotgan mollarini tortgan. Ikkinchisi esa ko‘p ko‘rsatadigan tarozi bo‘lib, uni odamlarga mahsulot sotayotganda ishlatgan. Savdogar jon berar paytda mana shu ikki tarozi olovli tog‘ bo‘lib ko‘ringan ekan. Alloh taolo barchamizga poklikni bersin. Rizqimizni esa faqatgina halolini bersin. Savdoda halol bo‘layotgan birodarlarimizga va yurtdoshlarimizga Alloh baraka bersin. Savdogarlarimiz “Qani endi narxlar bir ko‘tarilsa-yu, pulli bo‘lib qolsak”, deya niyat qilmasinlar. Mana shunday yomon niyatlarimiz oqibatida Alloh tilaklarimizni bekor qiladi. Demak, biz mahsulotimiz xaridorgir bo‘lishini, odamlarga manzur kelishini va O‘zi barakasini berishini so‘rashimiz lozim.

Mehnatda yurgan birodarlarimizning kasbu-korlariga Alloh taolo baraka bersin. Bu oyda insonlarga yengillik qilayotganlarga Alloh taolo ikki dunyo yengilligini bersin. Halollikni umrimizning oxiriga qadar o‘zimizga kasb qilishimizga ko‘mak bersin. Azizlar, o‘tayotgan bu kunlarimiz saodatli bo‘lsin. Vassalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh.

Rahimberdi domla Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing