Tanzila Norboyeva BMT komissiyasi sessiyasida nutq so‘zladi
Jamiyat
−
18 mart 2021
3190Shu kunlarda BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyaning 65-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Sessiyada a’zo davlatlar, BMT tuzilmalari va Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashda akkreditatsiyadan o‘tgan dunyoning turli mamlakatlaridagi nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Sessiyaning dastlabki ish kunlarida xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Joriy yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilmoqda. Sessiyada Muloqot nomidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva videomurojaat bilan so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo davlatlari inklyuzivlik tamoyillariga asoslanib, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ularga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, qarorlar qabul qilish jarayonlarida ularning ishtirokini ta’minlash borasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi.
Bundan tashqari, so‘nggi 20 yilda Markaziy Osiyo mintaqasida milliy parlamentlardagi xotin-qizlar ulushi ikki martaba ko‘paygan.
Tanzila Norboyeva xotin-qizlarga moddiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish, ularga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish masalalari mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining diqqat markazida ekanini ham qayd etgan.
“O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ayollarning roli tobora oshib bormoqda. Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Senatda ham shu maqsadda faoliyat yurituvchi alohida qo‘mita mavjud. Yaqinda Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi ham tashkil etildi. Keyingi to‘rt yilda ayollar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan 26 qonun hujjati qabul qilindi. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha strategiya tasdiqlandi. Xotin-qizlarning faolligini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Natijada ularning jamiyatdagi o‘rni va roli oshib bormoqda. Mas’ul lavozimlarda ish yuritayotganlarning 26 foizini ayollar tashkil etadi. Parlamentdagi ayollar soni ikki barobar oshdi. Bu borada O‘zbekiston 190 mamlakat ichida 37-o‘rinni zabt etgan”, dedi Tanzila Norboyeva.
Sessiya doirasida doimiy vakolatxonalar, hukumatlararo tashkilotlar va BMT bo‘linmalari tomonidan parallel tadbirlar ham o‘tkazilmoqda.
Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyaning 65-sessiyasi 2021 yil 26 martgacha davom etadi.
LiveBarchasi