“Tangem” o‘zi ishtirokidagi yangi serialni O‘zbekistonga hadya etdi
Madaniyat-san’at
−
21 aprel 2020
21961O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi turistik brend elchisi, mashhur “Saroy javohiri” teleserialidagi Tangem roli ijrochisi Li Yon E o‘zi ishtirokidagi yangi serialni O‘zbekistonga hadya qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasida O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi turistik brend elchisi, taniqli aktrisa Li Yon E hamda “GroupEight” kompaniyasi raisi Byong Jun Song bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Uchrashuvda aktrisa butun dunyodagi koronavirus bilan bog‘liq pandemiya sabab aprel oyida O‘zbekistonga kela olmasligini afsus bilan qayd etib, COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat normallashganidan so‘ng prodyuser Byong Jun Song bilan, albatta, O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qilgan. Aktrisa O‘zbekistonning boy madaniy merosi va diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishishni maqsad qilgani, shuningdek mamlakat turistik brendini targ‘ib qilishda davom etishini alohida ta’kidlagan.
Uchrashuv davomida Li Yon E O‘zbekiston xalqiga o‘zi bosh rolni ijro etgan “Saimdan, rang-barang xotiralar” nomli teleserialini beminnat asosda hadya qilgan. Aktrisa ushbu serial ayni damda aksariyat vaqtini uyda o‘tkazayotgan O‘zbekiston aholisiga vaqtni mazmunli o‘tkazishiga yordam beradi deya umid bildirgan.
Ma’lumot uchun: “Saimdan, rang-barang xotiralar” Janubiy Koreyaning 30 seriyali dramasi bo‘lib, koreyalik mashhur musavvir, xattot va shoira Shin Saimdan (1504-1551) hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. Koreya Respublikasining 50 000 von nominalli eng yirik banknotasida uning tasviri aks ettirilgan. Mazkur serial 2017 yilda Janubiy Koreyaning “SBS” telekanalida efirga uzatilgan. Shundan so‘ng Xitoy, Yaponiya, Singapur, Malayziya, Tailand va boshqa mamlakatlar telekompaniyalari uni (o‘rtacha 3 mln AQSH dollari evaziga) translyatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritgan.
LiveBarchasi