Talato‘plardan qutulgan To‘qayev Putin huzuriga boradi
Olam
−
08 fevral 2022
5804Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jomart-To‘qayev joriy yilning 10-11 fevral kunlari Rossiyada bo‘ladi. Bu haqda To‘qayevning matbuot kotibi Berik Uali o‘zining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qilgan.
Matbuot kotibiga ko‘ra, 10 fevral kuni To‘qayev Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazadi.
Joriy yilning 11 fevral kuni esa Qozog‘iston rahbari Qozonda Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashadi va respublikaning qator yirik sanoat korxonalariga tashrif buyuradi.
Aytish joizki, bu Qozog‘istonda yanvar oyida bo‘lgan namoyishlardan so‘ng, Prezident To‘qayevning xorijga birinchi rasmiy tashrifi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yanvar oyida Qozog‘istondagi namoyishlar davom etayotgan vaqtda To‘qayev mamlakatga “terrorchilik tahdid” solayotgani sabab KXSHTdan yordam so‘raganini ma’lum qilgandi. 5 yanvardan 6 yanvarga o‘tar kechasi esa KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi raisi “kollektiv tinchlikparvar kuchlari” Qozog‘istonga yuborilganini aytdi.
KXSHT kuchlari Qozog‘istonda 7 kun davomida bo‘lib, 13 yanvar kuni esa KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
KXSHT kuchlari Qozog‘istonga kirishi ortidan To‘qayev Vladimir Putindan qarzdor bo‘lib qoldi degan gaplar tarqaldi. Biroq To‘qayev “Xabar 24” telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan oralarida hech qanday qarzdorlik haqida gap bo‘lmaganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi