Talaba qiz internetdagi chiqishi sababli 10 yilga qamalishi kutilmoqda
Olam
−
15 fevral 2023
50050Ukrainadagi “harbiy operatsiya”ni tanqid qilgan talaba qiz 10 yilga qamalishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, 20 yoshli Arxangelsk universiteti talabasi Olesya Krivsova hozirda uy qamog‘ida saqlanmoqda. Politsiya uning har bir harakatini kuzatmoqda. Bunga esa Olesyaning ijtimoiy tarmoqlardagi urushga qarshi postlari sabab bo‘lgan. Olesya terrorizmni oqlash va Rossiya Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirishda ayblangan. U 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi kutilmoqda.
“Internetga biror narsa joylashtirgani uchun hech kim bunchalik uzoq qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkinligini tasavvur ham qilmaganman. Men Rossiyada aqldan ozgan hukmlar haqida xabarlarni ko‘rdim, lekin men unchalik ahamiyat bermadim va gapirishda davom etdim”, deydi Olesya.
Shuningdek, Olesya Rossiyaning rasmiy terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga ham kiritilgan. U o‘zini terrorchi guruh a’zolari, turli otishmalar ishtirokchilari bilan bir ro‘yxatda ko‘rganidan hayratdaligini aytgan. Uning o‘ng oyog‘ida Putin o‘rgimchak shaklida tasvirlangan tatuirovka bor. Tasvir tepasida esa Jorj Orvellning “Katta og‘a sizni kuzatib turibdi” degan jumlasi yozilgan. Biroq uni kata og‘a emas, balki o‘z kursdoshlari kuzatgan. Ya’ni, sudda Olesyaning kursdoshlari guvohlik bergan va unga qarshi chora ko‘rishni talab qilgan. Sudya esa uni uy qamog‘ida saqlashga qaror qilgan.
Ma’lumot uchun, mana bir yildirki, Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” davom etar ekan, butun Rossiya bo‘ylab urush tanqidchilari qoralab kelinadi. Ular xoinlikda yoki boshqa davlatlarga agentlik qilishda ayblanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Rossiya primadonnasi Alla Pugachyova va uning turmush o‘rtog‘i, taniqli suxandon Maksim Galkin kabi bir qancha Ukrainadagi urushga qarshilar mamlakatni tark etgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi