Taxtga tirmashganlar, narxi oshgan benzin, Interpol qidirgan o‘zbekistonlik “fohishalar malikasi” – Hafta tahlili

Tahlil

Yangi yilni juda yaxshi, zo‘r xabarlar bilan boshladik: poytaxt Toshkent tugayotgan haftada dunyoning eng havosi iflos shaharlari reytingida ikkinchi o‘rinni egallab, deyarli Bangladeshning Dakka shahriga yetib oldi. Kulmang, bu ham katta natija. Bunga ko‘plashib erishdik. Albatta, kattakonlarimiz, hokimlarimiz va nomi ulug‘ quruvchilarimiz rahnamoligida erishgan bu natijamizni uncha-buncha shaharlar bizdan hali-beri tortib ololmaydi. Shaharning changga to‘lishiga sabab bo‘lgan omillardan biri – qurilishlarning eng asosiy namunalari – o‘sha “Tashkent city”dagi binolar bormi yoki 66-yil zilzilasidan keyin qurilgan Toshkent teleminorasi, chang havoda, hatto, ko‘rinmayapti. “Zato”, bizda “Tashkent city” bor. “Zato”, chang havo ortidan dorixonalarimizda savdo tinmayapti. Allergiyaga qarshi dorilarga talab ortib boryapti. Bu ham rivojlanish, aslida. 

Lukashenkoning o‘ligi ko‘chada qolmaydi

Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoni taniysiz, shu kishi yaxshi odam-da. Ey, yaxshi emas, juda yaxshi odam. Uzoqni ko‘ra oladi. Oldindan bashorat qilish qobiliyati bor. Bir paytlar O‘zbekiston uchun ham bir narsalarni bashorat qilgandi.

Shu yil 70 yoshni qarshilaydigan Lukashenko o‘zi yubileyini o‘tkazadigan 2024 yilni o‘ziga bag‘ishlangan “Prezident to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritishdan boshladi. Qonundagi asosiy o‘zgarishga ko‘ra, Prezidentning o‘ligi ko‘chada qolmaydi. Prezidentni dafn etish va xotirasini abadiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

Agar u nafaqaga chiqsa, o‘zining va oila a’zolarining daxlsizligi, umrbod himoyasi va davlat ko‘chmas mulkiga bo‘lgan huquqi kafolatlanadi.

O‘z vazifasini bajarishni to‘xtatgan prezident Butun Belarus xalqi majlisi delegati va Respublika kengashining umrbod a’zosi bo‘lib qoladi. Shuningdek, sobiq prezident va uning oilasi hukmronlik davrida sodir etilgan jinoyatlari uchun daxlsizlik huquqiga egadir. Ularga nisbatan protsessual harakatlarga va ozodlikdan mahrum etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Lukashenkoning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar shaxsan o‘zi tomonidan amalga oshirilmagan, balki konstitutsiyaviy o‘zgarishlar va “huquqni qo‘llash amaliyoti” natijasida qabul qilingan. Qo‘shimcha ravishda, u farzandlari prezident bo‘lmasligiga va’da bergan.

Ayni paytda bu tuzatishlar Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning lavozimidan ketganidan keyin muhim davlat lavozimlarini saqlab qolishga urinishlari bilan qiyoslanib, jamoatchilik tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Nazarboyev 2019 yilda lavozimidan o‘z xohishi bilan ketganiga qaramay, 2022 yilning yanvar oyida sodir bo‘lgan voqealar u o‘zi prezidentligi davrida o‘zi uchun belgilab olgan ko‘p imtiyozlardan mosuvo bo‘lishiga olib keldi. 

Lukashenko esa Belarus Respublikasini 1994 yildan buyon boshqarib keladi va prezidentning vakolatlari 2025 yilda tugaydi, ammo Belarusda prezident cheksiz va ko‘p marta qayta saylanish huquqiga ega.

Qirolicha taxtdan voz kechdi

Daniya qirolichasi Margrete II taxtdan voz kechdi. Uni bunga hech kim majbur qilmadi. Bu haqda qirolicha kutilmaganda o‘zining Yangi yil tabriknomasida televideniye orqali ma’lum qildi.

Shunday qilib, Margrete II 52 yillik hukmronlikdan so‘ng, joriy yilning 14 yanvarida taxtdan tushadigan bo‘ldi. 

Qirollik saroyi saytida chop etilgan bayonotida aytilishicha, undan keyin qirolichaning to‘ng‘ich o‘g‘li, valiahd shahzoda Frederik qirol bo‘ladi.

83 yashar onaxon Margrete II 1952 yilda otasi qirol Frederik IX vafotidan keyin taxtga o‘tirgan Daniya tarixidagi eng uzoq hukmronlik qilgan monarxdir.

Britaniya qirollik an’analaridan voz kechgan holda, 55 yoshli valiahd shahzoda Frederikning rasmiy toj kiyish marosimi o‘tkazilmaydi. Buning o‘rniga saroy o‘sha kuni uning taxtga o‘tirganini tantanali e’lon qiladi.

To‘qayev takroran prezident bo‘lmoqchi emas

Hokimiyat boshqaruvidan o‘z xohishi bilan voz kechayotgan birgina Margrete II emas. Qozog‘istonning amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev ham 2026 yilda bo‘ladigan prezident sayloviga nomzodini qo‘ymoqchi emas. Bu haqda Yangi yil munosabati bilan “Egemen Qazaqstan” gazetasiga bergan shov-shuvli intervyusida aytgan. Shuningdek, u qayta saylanish uchun Konstitutsiyaga ham o‘zgartish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishi haqidagi gap-so‘zlarni rad etgan. 

“Ishonchim komilki, konstitutsiyaga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritish, ayniqsa, bunday fundamental masala bo‘yicha endi mumkin emas. Konstitutsiyaviy islohot asosiy qonunga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish maqsadida amalga oshirilmagan”, deydi davlat rahbari. 

Unga ko‘ra, konstitutsiyadagi yagona 7 yillik prezidentlik muddati haqidagi qoida o‘zgarishsiz qoladi. Chunki u bu g‘oyani amalga oshirish uchun prezident bo‘lishidan avval 15 yil kurashgan. 

Qozog‘istonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha oxirgi referendum 2022 yil 5 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, davlat rahbarining vakolatlari qisqartirildi, parlament va mahalliy vakillik organlarining roli sezilarli darajada kuchaytirildi, inson huquqlari sohasi tizimli ravishda mustahkamlandi, Konstitutsiyaviy sud qayta tashkil etildi, o‘lim jazosi nihoyat bekor qilindi, birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning maqomi to‘g‘risidagi moddalar chiqarib tashlandi. 

2022 yil yangi konstitutsiya asosida o‘tkazilgan muddatidan oldin prezident saylovida To‘qayev bir martalik 7 yillik muddatga Qozog‘iston prezidenti etib qayta saylandi.

Hali sizga Qozog‘iston, To‘qayev va Nazarboyev haqida aytadiganlarim ko‘p. Ularga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Sobiq sudya jinoiy javobgarlikka tortildi

Lavozimdan ketgach, nafaqat prezidentlarga qiyin, balki sudyalarga ham. Nega deysizmi? Sababini men aytay: joriy yilning 5 dekabriga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida ishlagan sobiq sudya ishdan ketishi bilan Jinoyat kodeksining 165, 208, 230-1 va 231-moddalari bilan javobgarlikka tortildi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, sudya lavozimda bo‘lgan davrida u o‘z ish yurituvida bo‘lgan qurilish firmasi rahbari va boshqalarni Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblashga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishi jarayonida hokimiyat harakatsizligi, dalillarni soxtalashtirish, adolatsiz hukm chiqarish hamda tovlamachilik kabi jinoyatlarni sodir etgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

AI-80 markali benzin narxi oshdi

Tabriklaymiz-qutlaymiz! 2023 yilning 31 dekabridan O‘zbekistonda import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlar tomonidan sotiladigan AI-80 markali benzinga nisbatan aksiz solig‘ini "nol" stavkada qo‘llash muddati tugadi. 

Prezident qarori bilan 2022 yilning 13 dekabridan mamlakatda AI-80 markali benzinni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish uchun aksiz solig‘i nolga tenglashtirilgandi. Mazkur tartib mamlakatda metan “zapravka"larda benzin yetishmovchiligi va unga talabning oshishi sababli joriy etilib, 2023 yil 1 martgacha qilib belgilangan edi.

Keyinroq imtiyoz muddati yil oxirigacha uzaytirildi.

1 yanvardan boshlab "O‘zbekneftgaz" AYOQSHlarida  AI-80  benzinining chakana narxi 1 litri uchun 6 800 so‘m etib belgilandi. Bu avvalgi narxdan 750 so‘mga qimmat degani. Lekin ba’zi joylarda bundan ham qimmatiga uchrashingiz tabiiy. Xo‘sh, siz yashayotgan hududlarda benzin narxi bilan bog‘liq vaziyat qanday? Cho‘ntagingiz ko‘taryaptimi? 

O‘zbekiston “qora ro‘yxat”ga kiritilmadi

Ma’lumki, har yili AQSH davlat departamenti tomonidan "Xalqaro diniy erkinlik" to‘g‘risidagi qonunga dunyo mamlakatlarining qay darajada amal qilib borayotgani monitoring qilib boriladi. 2023 yildagi natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Diniy erkinlik borasida ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmagan mamlakatlarning “Maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar” ro‘yxatiga kiritilmadi. 

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Birma, Xitoy Xalq Respublikasi, Kuba, KXDR, Eritreya, Eron, Nikaragua, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Turkmanistonni diniy erkinliklarning ayniqsa qattiq buzilishiga toqat qilgan alohida tashvishli davlatlar sifatida belgiladi. 

Bundan tashqari, Jazoir, Ozarbayjon, Markaziy Afrika Respublikasi, Komor orollari va Vetnamni diniy erkinliklarning jiddiy buzilishida ishtirok etayotgani yoki ularga toqat qilgani uchun maxsus kuzatuv ro‘yxatiga kiritdi. 

Shuningdek, al-Shabab, Boko Haram, Hayat Tahrir ash-Shom, hutiylar, ISHID-Sohil, ISHID-G‘arbiy Afrika, Al-Qoida bo‘limi Nasr al-Islom val-Muslimin va “Tolibon”ni alohida xavotirli tuzilmalar sifatida belgiladi. 

9 yil qidiruvda bo‘lgan ekstremist qo‘lga tushdi 

Boshlagan mavzumizdan uzoqlashmaymiz. Diniy erkinliklar nazarda tutilarkan, buni suiiste’mol qiladigan yoki noto‘g‘ri talqin qiladiganlar ham yo‘q emas. O‘zbekistonda to‘qqiz yildan buyon qidiruvda bo‘lgan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi a’zosi bo‘lgan marg‘ilonlik erkakka sud hukmi o‘qildi. 

Abduhodiy ismli shaxs 2010-2012 yillarda Rossiya Federatsiyasida ishlab yurgan vaqtida mazkur diniy oqim ta’siriga tushib, uning a’zosi bo‘lgan. Farg‘ona shahrida akasi va bir qator shaxslardan iborat oqimning “jamoati”ni tashkil qilgan. Uning yig‘ilishlarida faol ishtirok etib kelgan. 

U 2014 yilda Turkiyada bo‘lib turgan akasi bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqaga chiqib, uning da’vati asosida “jihodiy” urushlarda ishtirok etish va shu yo‘l bilan birodarlariga yordam berish maqsadida Rossiyadan Turkiyaga borgan. U yerda akasi bilan birga oqim a’zolariga mablag‘ jo‘natib, ularni Suriyaga jihodga chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan. Shuningdek, u Moskvada ham bir guruh o‘zbekistonliklarni “jamoat” yig‘ilishlariga jalb qilib, ularni “jihod” qilishga da’vat qilgani aniqlangan. 

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan u tashkil qilgan “jamoat” a’zolarining uyidan diniy oqimga tegishli taqiqlangan materiallar daliliy ashyo sifatida olingan. Turkiya politsiyasi tomonidan diniy oqim a’zosi qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Sud hukmi bilan unga 6 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. 

Nazarboyevning qizi boylar ro‘yxatida birinchi bo‘ldi

Boyaroq Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev masalasiga qaytamiz, degandim. Mana, endi sirasi keldi. Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinara Kuliboyeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Kuliboyev yana eng boy qozog‘istonliklar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.

2024 yilda Timur Kuliboyevning boyligi 4,6 milliard dollarga yetdi. Uning turmush o‘rtog‘i Dinara Quliboyevada ham shunday mablag‘ bor. “Forbes” dunyo reytingida er-xotin 636-o‘rinni egallab turibdi. 

Kuliboyevlarning asosiy daromadi moliyaviy biznesdan keladi. Oila “ALMEKS” kompaniyasiga egalik qiladi, u mamlakatning eng yirik banki Qozog‘iston “Halyk Bank”ini nazorat qiladi. Bundan tashqari, ularning aktivlarida bir nechta neft konlari mavjud. 

Oxirgi marta Kuliboyev 2018 yilda birinchi o‘rinni egallagan, o‘shanda uning boyligi 3,2 milliard dollarga baholangan edi. Ishontirib aytishim mumkinki, Dinaraning ham, uning erining ham shuncha boyligi faqat va faqat halol mehnati, peshona teri evaziga kelgan. 

Ikki qo‘chqor boshi bir qozonda qaynamas

Shu o‘rinda Qozog‘iston va Nursulton Nazarboyev mavzusini davom ettirsak, yomon bo‘lmaydi. Chunki tugayotgan haftada Qosim-Jomart To‘qayevning bergan intervyusi boya aytganimdek haqiqatdan ham shov-shuvlarga sabab bo‘ldi va anchadan beri ko‘pchilikni qiynayotgan savollarga javob topishga yo‘l ochdi. 

Intervyuda To‘qayev ayrim shaxslarning mamlakatda qo‘sh hokimiyat modelini joriy etishga urinishlari haqida o‘z fikrini bildirgan.

“Haqiqatan ham ikki tomonlama hokimiyat modelini joriy etishga urinishlar bo‘lgan. “Hokimiyat tranziti”ning hozirgi siyosiy vaziyatida siyosiy manipulyatorlar o‘ziga xos parallel kuch markazini shakllantirdilar. Mamlakatimizda Prezident va Oliy Bosh qo‘mondon, shuningdek, sobiq prezident vakili bo‘lgan Xavfsizlik Kengashining raisi bor edi. Bu oxir-oqibat hokimiyat to‘qnashuviga aylanib ketishi mumkin edi. Yana bir narsani aytaman: bu holat yanvar inqirozining zaruriy shartlaridan biriga aylandi”, deydi To‘qayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fitnachilar o‘z manfaati uchun qo‘sh hokimiyat yoki Nazarboyev va To‘qayev “tandem”ining ixtiro qilingan modelidan foydalanishga harakat qilgan.

“Bir qator amaldorlar, jumladan, sobiq adliya vazirining Elboshining maqomi Prezidentdan ham yuqori ekani haqidagi bayonotlari esingizda bo‘lsa kerak. Ayrim amaldorlar bu borada juda puxta o‘yin qildi. Keyinroq men Nursulton Abishevich Nazarboyevga siyosiy o‘yinlar ortidan, birinchi navbatda uning eng yaqin safdoshlari mamlakatni deyarli parchalab tashlayotgani haqida to‘g‘ridanto‘g‘ri aytdim. Men ”katta va kichik prezidentlar“ umuman bo‘lmasligi kerak deb hisoblayman. “Ketdingmi, ketding”. Bu kabi ishlar doimo davlat manfaatlarini, jamiyat farovonligini o‘ylashi lozim bo‘lgan kelajak avlod rahbarlari uchun jiddiy saboq bo‘lishi kerak. Afsuski, ichki siyosiy inqirozning hal qiluvchi pallasida asosiy huquq-tartibot idoralari rahbarlari o‘zlarining kasbiy mahorati yo‘qligi va hatto xiyonatga moyilligini ko‘rsatdi”, deydi Prezident.

To‘qayevning gaplaridan tushunish mumkinki, o‘zi shundoq bilardik va uning o‘zi endi tasdiqlayaptiki, yanvar voqealari ortidan Nazarboyevning o‘nlab vakolatlaridan ayrilishi, o‘lmay turib nomi o‘chirilishi shunchaki bo‘lmagan va bu bevosita To‘qayevning ishtirokida amalga oshirilgan. To‘g‘ri-da, mamlakatni bir Prezident boshqarib tursayu, iste’foga chiqqan har narsaga shopillab aralashaversa, davralarning to‘ri uniki bo‘lsa, Prezidentning so‘zi ustidan so‘z aytsa, xorijiy safarlarni kanda qilmasa, davlat nomidan Prezident ishtirok etishi kerak bo‘lgan tadbirlarda Prezidentga yo‘l bermay o‘zi qatnashaversa, kimga yoqadi bunday rahbarlik. Xo‘sh, Nazarboyev bu xatolarning qay birini qilmadi. Hammasini qildi. Lekin To‘qayev ham anoyi chiqmadi. Hokimiyatni qozonida ikki qo‘chqorning boshi qaynamasligini bildi, bildiyu shunga ko‘ra harakatini qildi. 

Inoyatov bir yil deganda “uchdi”. Qayerga?

Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida 1 yil-u 1 hafta ishlagan Amrillo Inoyatov noma’lum sabablarga ko‘ra ishdan olindi. 

Inoyatovning SSVdan ketishiga bolalarning yod preparatidan zaharlanishi, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etmagani sabab bo‘ldimi yoki boshqa masala, bu bizga qorong‘i. Bu “ishni shaxsan nazoratga olganman” degan Inoyatov ishni oxiri nima bo‘lganini ham aytmay, lavozimidan "uchdi". Endi u ko‘tariladimi yo qulaydi, bunisi bizga qorong‘i. Har holda “Dok-1 Maks” dori vositasidan 65 bola zaharlanib, vafot etishi davrida vazirlik qilgan Behzod Musayev lavozimidan ketgani yo‘q, faqat hozir boshqa vazirlikni boshqaryapti. 

Vazir ishdan ketib, Sog‘liqni saqlash sohasi rahbarsiz qoldi, deb kuyunmang. Prezident Administratsiyasida Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Asilbek Xudoyorov Amrillo Inoyatovning o‘rnini vaqtincha egallagan. 

O‘zbekistonlik “Madam Klod” ushlandi

Interpol tomonidan qizil bildirishnoma bilan qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Nilufar Mirxonova Turkiyaning Chanoqqal’a viloyati Ayvajik tumanida qo‘lga olindi. 

Tekshiruvlarda Mirxonova Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan ko‘plab ayollarni noqonuniy yo‘llar bilan Turkiyaga olib o‘tib, vositachilar orqali fohishaxonalarga sotgani aniqlangan.

Operatsiya natijasida Mirxonova Kichikkuyudagi uyida ushlangan. Politsiya bo‘limidagi tekshiruvlar yakunlangandan so‘ng, u deportatsiya qilish uchun Ayvajik Repatriatsiya markaziga yetkazilgan.

Xalqaro miqyosda qidiruvda bo‘lgan Mirxonova “Madam Klod” laqabi bilan tanilgan. U dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi fohishaxonalarga xorijlik ayollarni yetkazib bergani aytilmoqda. Mirxonova "jinsiy maqsaddagi odam savdosi" aybi bilan Interpol tomonidan qidiruvga berilgan.

Amerika orzusi

Odamlarimizning Amerika orzusi bitmadi, bitmadi-da. Ne-ne qing‘ir yo‘llar bilan jonini, molini, bolalarining salomatligini xavfga qo‘yib, okean sari yo‘lga chiqayotgan, Meksika chegaralarida xoru zor bo‘layotgan o‘zbekistonliklar kammi? Ustiga-ustak AQSH ham Meksika chegarasi orqali mamlakatga kirishga nisbatan nazoratni kuchaytirdi. Avvallari Meksika orqali AQSH chegarasini buzib kirganlar bir necha kun qamoqda saqlanib, sud qilinib, keyin chiqarib yuborilayotgan edi. Bu alohida tizimli biznesga aylangandi. Advokatlar ham tayin. 

AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi mamlakat fuqarolarini noqonuniy migratsiyadan ogohlantirishi, kuni kecha 119 nafar o‘zbekistonlikni mamlakatdan badarg‘a qilganiga qaramay, o‘zbekistonlikning Amerika orzusi tugayotgani yo‘q. Ularning aksariyati esa na bir hunarning boshidan tutgan va na til biladiganlar. Nimaga ketyapsan, desa qarindoshim o‘sha yerda, borsam kutib oladi, deydi. Ensam qotadi. Ha bor, qarindoshingni senga ko‘zi uchib turibdi. Bossang qadaming pul turadigan bu mamlakatda qarindoshni qo‘ying, it egasini, mushuk bekasini tanimaydi. O‘shalarga aytsang-da, oldin til o‘rgan, o‘sha yerdagilardan farqli ish qila oladigan bo‘lib bor, yo‘q, hamma bilag‘on. Amerikaga borsa hamma ishi besh bo‘lib ketadigandek. 

Amerika orzusida yurganlardan biri 14 ming dollar evaziga AQSHga ketmoqchi bo‘lib, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimiga pora bermoqchi bo‘ldi. Xodim ham pora bilan qo‘lga tushdi. Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ushlangan xodimning vazirlikda kim bo‘lib ishlashi va shaxsiga aniqlik kiritilmagan. Ma’lum qilinishicha, u mavqeidan foydalangan holda odamlarga AQSH elchixonasidagi tanishlari orqali viza rasmiylashtirib, Qo‘shma Shtatlarga yuborish haqida yolg‘on va’dalar bergan. Shu yo‘l bilan fuqarolarni chuv tushirib kelgan. Jumladan, vazirlik xodimi Samarqand shahrida yashovchi fuqarodan viza olib berish evaziga 14 ming AQSH dollari talab qilgan. Ammo ushbu pullarning 10 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, 1999 yilda Oqdaryo tumanida tug‘ilgan, hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs ham Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborish va’dasi bilan noqonuniy pul topishga uringan. U bunda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘qiydigan qarindoshi bilan til biriktirgan. Ular fuqarodan ushbu xizmat uchun 16 ming AQSH dollari talab qilgan. Institut talabasi ushbu pullarning 10 ming dollarini olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. 

Ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan oqdaryolik shaxs muqaddam ham 4 nafar fuqaroni Amerikaga ishga yuborishni va’da qilib, 41 ming 600 AQSH dollari olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

O‘zbekistonlik pedofil Rossiyada qo‘lga tushdi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 16 yoshli o‘quvchi qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgan 41 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. 

Nashrga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining ishi Kuybishevskiy tumani sudida ko‘rib chiqilyapti. Voqea 2024 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi Sankt-Peterburg shahri markazida sodir bo‘lgan. 

O‘zbekistonlik migrant 16 yoshli qizni ko‘p qavatli uyning zinapoyasida uchratib qolgan. Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga u qizni bo‘g‘ib o‘ldirmoqchi bo‘lgan, keyin uning kiyimlarini yirtib tashlagan. Qiz esa unga qarshilik ko‘rsatib, qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Shundan so‘ng, erkak 2 yanvar kuni hibsga olingan. Markaziy okrug tergov qo‘mitasi o‘zbekistonlikni voyaga yetmagan qizni zo‘rlashga urinish va unga nisbatan jinsiy tajovuz qilishda ayblamoqda.  

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, Rossiyada pedofillar umrbod qamaladi. Mamlakat Prezidenti Vladimir Putin 2022 yilda retsidivist pedofillarga umrbod qamoq jazosini tayinlashni nazarda tutuvchi qonunni imzolagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing