Taqiq qo‘yilgan mol-mulklarning elektron bazasi joriy etiladi
Jamiyat
−
24 avgust 2022
3347Mol-mulkka taqiq qo‘yilganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22 avgust kuni qabul qilingan qarori bilan tasdiqlangan Boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab yoki xatlab qo‘yilgan mol-mulklar elektron ma’lumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish to‘g‘risidagi nizomda belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 oktyabrdan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab (xatlab) qo‘yilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qo‘yish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi.
Elektron ma’lumotlar bankiga kiritishda:
• jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid ma’lumotlar – Ichki ishlar vazirligi;
• yuridik shaxsga oid ma’lumotlar – Adliya vazirligi;
• ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar – Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
• qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga oid ma’lumotlar – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
• attraksionlar va ko‘tarish inshootlari (minora kranlari)ga oid ma’lumotlar – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;
• kemalarga oid ma’lumotlar – Transport vazirligi;
• kichik hajmli kemalarga oid ma’lumotlar – Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
Elektron ma’lumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi.
Notarius elektron ma’lumotlar banki orqali mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab qo‘yishi va taqiqni bekor qilishi mumkin.
Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab yoki xatlab qo‘yish, shuningdek, uni bekor qilishda to‘lov undirilmaydi.
Murojaatga asosan elektron ma’lumotlar bankida mavjud ma’lumotlar notarius va (yoki) notarial arxiv mudiri tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali taqdim etiladi.
LiveBarchasi