Taqiqqa uchragan “Dizayn”dan qariyb 344 mln undirildi
Jamiyat
−
25 dekabr 2021 23480 2 daqiqa
Avvalroq “Dizayn” jamoasi to‘rtligi bir shaxsdan 30 ming dollar olib, qaytarib bermayotgani, undiruv masalasi Oliy sud qaroridan keyin ham amalga oshmayotgani haqida xabar bergan edik.
Majburiy ijro byurosi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qarzdorlar tomonidan 336 mln 132 ming 799 so‘m qarzdorlik, 6 mln 722 ming 655 so‘m ijro yig‘imi, 1 mln 134 ming so‘m jarima va jami 343 mln 989 ming so‘mlik pul mablag‘lari Byuroning Chilonzor tumani bo‘lim depozit hisob raqamiga to‘liq undirilgan.
Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining joriy yilning 7 mayidagi “Dizayn” jamoasi vakillari – Musabekov, Karimberdiyev, Mavlonov va Fatxullayevdan da’vogar Salomovning foydasiga solidar tartibda jami 336 mln 132 ming 799 so‘m undirish bo‘yicha ijro varaqasi Majburiy ijro byurosining Chilonzor va Yunusobod tuman bo‘limlari ish yurituviga kelib tushgan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalariga muvofiq, qarzdor fuqarolarning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulk va avtotransport vositalariga notarial holatlarni amalga oshira olmasliklari uchun barcha taqiqlar qo‘yilgan.
Ijro harakatlari davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining joriy yilning 20 avgustidagi ko‘rsatmasiga asosan ijro harakatlari to‘xtatilgan. Qariyb 2,5 oy ijro harakatlari sud ko‘rsatmasiga asosan olib borilmagan.
Keyinchalik, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining joriy yilning 11 noyabridagi ijro harakatlarini davom ettirish to‘g‘risidagi xati bo‘lim ish yurituviga 19 noyabr kuni kelib tushgan.
So‘ng, joriy yilning 19 noyabr kunidan yana ijro harakatlariga kirishilgan. Hozirda qarzdorlarga tegishli Lacetti va Cobalt avtotransport vositalari xatlanib jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
“Qarzdorlar tomonidan 336 mln 132 ming 799 so‘m qarzdorlik, 6 mln 722 ming 655 so‘m ijro yig‘imi, 1 mln 134 ming so‘m jarima va jami 343 mln 989 ming so‘mlik pul mablag‘lari Byuroning Chilonzor tumani bo‘lim depozit hisob raqamiga to‘liq undirilganligi ma’lum qilinadi”, deyiladi MIB Matbuot xizmati xabarida.
Live
Barchasi