Salomatligingizga foydali brokkoli

Salomatlik

image

Brokkoli – karamdoshlar oilasiga mansub, bir yillik o‘simlik, gulkaramning o‘zgargan turi hisoblanadi. Janubiy Italiya brokkolini vatani bo‘lib, qadimgi Rimda uni 2 ming yil oldin ham yetishtirilgan. Bu ekin Italiyadan Vizantiyaga, keyinchalik esa boshqa Yevropa davlatlariga keng tarqalgan. AQSHda karamning bu turi 1925 yildan beri ekib kelinadi va bugungi kunda maydoni gulkaramnikidan ham ko‘payib ketgan. Hozirgi vaqtda brokkoli yetishtirish Yaponiya, Italiya, Germaniya, Angliya, Fransiya, Kanada, Shvetsiya, Polsha, Rossiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarda sezilarli darajada ko‘paygan. Mamlakatimizda brokkoli noan’anaviy, kam tarqalgan sabzavot ekinlariga kiradi. Uni ayrim havaskor sabzavotkorlar cheklangan miqdorda yetishtirib supermarket hamda bozorlarda sotmoqdalar.

Brokkoli karamini boshchalari va yosh poyalari yangiligicha va qayta ishlangan holda ishlatiladi. Ularni yosh shoxchalari qaynatilib, qovurilgan holda sho‘rvalarga solinganda juda mazali bo‘ladi. Turli taomlarga ishlatishdan oldin brokollini yo‘g‘on poyalari olib tashlanib, sho‘r suvda qaynatib olinadi. Uning yosh bargi va o‘zagi turli taomlar tayyorlashda foydalaniladi. Brokkolini yangi, yosh barglari mazasi ismaloq, bargli karamlar mazasiga tenglashtiriladi.

Brokkolidan ko‘plab taomlar tayyorlash mumkin. Jumladan, brokkoli solingan qo‘ziqorinli salat, o‘simlik yog‘i solinib tayyorlangan brokkoli salati va boshqalar. Uning mahsuloti boshqa karamlarga nisbatan tez hazm bo‘lishi bilan ajralib turadi. U yengil o‘zlashtiriladigan oqsilga boy (3,2–4,5%) bo‘lib, miqdoriga ko‘ra kartoshka, shirin jo‘xori hamda ismaloqdan ustun turadi. Undagi oqsil tarkibida antiskleritik modda va metionini (4mg/100 g) bo‘lishi organizmda xolesterinni ko‘payib ketishiga to‘sqinlik qiladi. Oqsili tarkibidagi noyob aminokislotalar mol go‘shtidagi lizin, izoleysindan, triftafon miqdori esa tuxumdagi oqsil tarkibidan kuchlidir.

Brokkoli karamida ko‘plab uglevodlar bo‘lib, uning poyalari qandga boy. Jami shakar miqdori 1,5–3,8 foizni tashkil etib, uning umumiy miqdorini 5–10 foizini saxaroza, 0,4–0,5 foizini kraxmal, 0,7–1,2 foizini kletchatka tashkil etadi.

Shuningdek brokkoli karami o‘zida ko‘plab mineral moddalarni mujassam etadi: 100 g quruq massasida kaliy – 490, kalsiy – 105, fosfor – 82 mg bo‘lishi, uning minerallarga boyligini ko‘rsatadi. Brokkoli gul to‘plamlarini tarkibida natriy tuzlari – 13,1, magniy – 31, yod – 12, temir – 1,3 mg, (100 g) miqdorda bo‘ladi.

Brokkoli tarkibida vitaminlar, pektin va yumshoq kletchatkani, xolin hamda metionin moddalarini, shuningdek, mineral tuzlar va boshqa biologik faol moddalari mutanosibligi turli yoshdagi insonlar uchun juda muhim parxez mahsulot ekanligidan dalolat beradi. Uning mahsulotidan nurlanish kasalliklarini davolashda samarali foydalanish mumkin.

Karamning bu turi boshchalari tarkibida yodning biologik shakllari mavjud bo‘lib, u qalqonsimon bezga bu elementni radioaktiv izotoplarini tushishiga to‘sqinlik qiladi. Shakllangan, iste’mol uchun tayyor karam boshchalaridagi changlar tibbiyotda qimmatli davolash mahsuloti sifatida ishlatiladi.

Brokkoli yosh bolalar, homilador ayollar hamda aterosklerozga moyil bo‘lgan keksalar uchun juda foydalidir.

Oziq-ovqatda brokkolini mustaqil iste’mol qilinishi erta qarish oldini oladi. Brokkoli karamini kelib chiqishi, morfologik belgilari va tashqi muhit omillariga bo‘lgan munosabati gulkaramga o‘xshashligi mamlakatimizda uni yetishtirish istiqbolli ekanligini ko‘rsatadi. Ekinni serhosil, mahalliy iqlim sharoitlariga moslashgan nav va duragaylarini tanlash va ularni yetishtirish texnologiyasi asosiy elementlarini ishlab chiqish sabzavot turlarini yanada ko‘paytirish imkonini beradi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing