Tailand Bosh vaziri majlisda tibbiy niqobsiz qatnashgani uchun jarimaga tortildi
Olam
−
27 aprel 2021
2205Tailand Bosh vaziri Prayut Chan-Ocha Bangkokda koronavirus epidemiyasi sababli amalda bo‘lgan tibbiy niqob rejimini buzgani uchun 6000 bat (190 dollar) miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda shahar gubernatori Asvin Kvangmuang ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, yangi qoidalarga ko‘ra, Bangkok aholisi jamoat joylarida niqobsiz bo‘lsa, 20 ming bat (636 dollar) miqdorida jarimaga tortiladi.
Kunning ikkinchi yarmida Bosh vazir Facebook’dagi sahifasida post e’lon qildi. Unga hukumat binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan fotosurat ilova qilingan va Bosh vazirning tibbiy niqobsiz ekani aks etgan. Buni esa tarmoq foydalanuvchilari payqab qolgan. Shundan so‘ng post o‘chirildi, ammo keyinchalik fotosuratsiz yana paydo bo‘ldi.
Keyinchalik, Bangkok gubernatori Bosh vazir 6 ming bat miqdorida jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
Tailand Bosh vaziri tartib kuchga kirgan birinchi kunda niqob rejimini buzgani uchun jarimaga tortilgan ilk fuqaro bo‘ldi. Birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima 6 ming bat, ikkinchisi uchun 12 ming bat (382 dollar), uchinchisi va undan keyingilari uchun 20 ming bat etib belgilangan.
LiveBarchasi