“Hokim ham, tadbirkor ham, investor ham Ortiqxo‘jayevning o‘zi!” – Odamlar shahar hokimi haqida nima deydi?

Tahlil

Joriy yilning 26 aprel kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlanganiga bir yil to‘ldi. Hokim 2017 yilning shu davriga qadar oddiy tadbirkor, shaharning eng ko‘zga ko‘ringan odami, badavlat ishbilarmon, shuningdek, Artel, Imzo, Akfa korxonalari, Atlas, MediaPark do‘konlari, 10 ortiq ishlab chiqarish va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining yakkayu yolg‘iz muassisi sifatida ko‘rib kelingan. 

2018 yilda uning Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlanishi kutilmagan voqeliklardan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, qo‘llab-quvvatlaganlar singari, e’tiroz bildirganlar talaygina edi. Va hozirgacha bu e’tirozlar quloqqa chalinadi. Kimdir Ortiqxo‘jayev hokim bo‘lgach, vakolatlarini yanada kengaytirdi desa, yana kimdir agar tadbirkorlarga yaxshi bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha tadbirkor Ortiqxo‘jayevning o‘zi degan kinoyali gaplarni aytadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Jahongir Ortiqxo‘jayevni tanishtirar ekan, unga quyidagicha ta’rif bergandi. 

“Prezident janobi oliylariga yaqinda bir qarorimni aytdim. O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘zim ishongan ishbilarmonni Toshkent shahar hokimi etib tayinladim. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan. Bu yigit ham hozirgi islohotlarni tushunadigan, byurokratiyadan yiroq, O‘zbekistonga toza havo kirishiga, investorlarni qo‘llab-quvvatlashga, Toshkent shahrining ertangi kunini tasavvur qiladigan hozirgi zamonaviy... U hech qaysi byurokratiya tizimida ishlamagan. Bizning ko‘p rahbarlarga o‘xshab RayKom, partiya va boshqa joylarda ishlamagan. Bu tadbirkor. Bizning hududlarimiz orasida Toshkent shahrimiz eng katta hudud. Shunga qaramasdan, men ertangi kunimni faqat tadbirkorlarga ishonaman. Shuning uchun qaror qabul qildim – tadbirkor Toshkent shahar hokimi. Endi uning ikki karra mas’uliyati ko‘p. Sizlarga Toshkent shahrida biror to‘siq qo‘ysa, uning vijdoniga havola”, degan edi. 

Xo‘sh, u Ortiqxo‘jayev Toshkent shahri hokimi bo‘lgach, tadbirkorlarning bag‘riga shamol tegdimi? Byurokratiya yo‘qoldimi? Toshkent-chi, Toshkent o‘zgardimi? Unda qanday muammolar bor. To‘g‘ri, hozircha Toshkentni bezash, ustdagi kamchiliklarni bartaraf etishga e’tibor qaratilyapti. Ammo kasal ichkaridan davolanmas ekan, u qaytalayveradi. Toshkentliklar hokimning faoliyatini qanday baholaydi? Toshkentdagi o‘zgarishlarni ular qanday qabul qilyapti. QALAMPIR.UZ muxbiri toshkentliklarga mikrofon tutdi. 

Ularning mulohazalarini yuqoridagi slayderda, YouTube va Mover’dagi, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda tomosha qilishingiz mumkin. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

292

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing