Tadbirkorlarga soliqlar bo‘yicha yengilliklar beriladi

Jamiyat

image

Bugun, 7 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Qayd etish kerakki, ushbu farmon davlat rahbarining joriy yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida imzolandi.

Ushbu farmonda quyidagilar belgilangan:

  • 2022 yil 1 yanvardan boshlab kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi;
  • tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.

2022 yil yanvar – iyul oylarida Xorazm viloyatida eksperiment o‘tkaziladi. Bu vaqt davomida Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasida hisobda turgan soliq to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladi va shakllantiriladi.

Bunda, soliq organlari:

  • yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini – Kadastr agentligi organlari ma’lumotlari asosida;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni – elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa texnikasi ma’lumotlari hamda soliq organlarida mavjud boshqa ma’lumotlar asosida hisoblab chiqaradi va soliq hisobotini shakllantiradi;
  • soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisoboti soliq to‘lovchilar uchun belgilangan tegishli soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kamida 10 kun oldin soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi;
  • soliq to‘lovchi soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotini olgan kundan boshlab 5 kun ichida uni tasdiqlaydi yoki, agar e’tirozlari mavjud bo‘lsa, uni rad etgan holda, soliq hisobotini qayta ishlaydi va o‘rnatilgan tartibda soliq organlariga taqdim etadi.

Davlat soliq qo‘mitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagi vazifalar yuklandi:

  • 2022 yil 1 yanvarga qadar soliq to‘lovchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni hisoblash uchun zarur bo‘lgan soliq solish ob’ekti yoki soliq solish bilan bog‘liq boshqa ob’ektlarni elektron hisobvaraq-fakturalarda aks ettirish imkoniyatlarini yaratish;
  • 2021 yil 1 noyabrga qadar soliq solish ob’ekti va (yoki) soliq solish bilan bog‘liq boshqa ob’ektlar bo‘yicha ma’lumot taqdim etish talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
  • 2022 yil 1 avgustga qadar eksperiment natijalarini chuqur tahlil qilgan holda uni respublikaning barcha hududlaridagi soliq to‘lovchilarga tatbiq etish hamda soliq organlari tomonidan soliq hisoboti shakllantiriladigan soliqlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

170

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing