Tadbirkorlarga berilgan imtiyoz 6 oyda davlatga qanchaga tushdi? Prezident ochiqladi

Jamiyat

image

Bugun, 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda 2021 yil I yarim yilligida iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda har bir tarmoq va hududda uchinchi chorak va yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilinyapti.

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar va tarmoqlarni barqaror rivojlantirish uchun yaratilayotgan moliyaviy va iqtisodiy sharoitlarni sanab o‘tdi.

Jumladan, sanoat tarmoqlariga bir yarim yil davomida 50 trillion so‘mdan ziyod bojxona imtiyozlari va tarif preferensiyalari berilgan. Birgina avtomobil sanoatiga 9,5 trillion so‘mlik, neft-gaz tarmog‘iga 2,8 trillion so‘mlik bojxona imtiyozlari taqdim etilgan.

So‘nggi 3 yilda  qishloq xo‘jaligiga 1,5 trillion so‘m subsidiya ajratildi. Qishloq xo‘jaligini barcha yo‘nalishlarida klaster tizimi joriy qilinib, ularga joriy yilning o‘zida 6 trillion so‘mdan ziyod kreditlar berildi.

Chorvachilik sohasida boshqaruv Veterinariya qo‘mitasiga berilib, uning tarkibida alohida agentlik tashkil qilindi. So‘nggi 3 yilda sohaga 350 million dollarga yaqin imtiyozli mablag‘lar jalb etildi.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha alohida Prezident qarori qabul qilinib, tadbirkorlar uchun zarur imtiyozlar va barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Xususan, birinchi bosqichda 7 ta tijorat bankiga 1 trillion 575 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, o‘tgan 6 oyda yalpi ichki mahsulot 6,2 foizga o‘sgan. Bunga asosan sanoat 8,5 foiz, investitsiyalar 5,9 foiz va xizmatlar hajmi 8 foizga oshgani hisobiga erishildi. Inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etdi.

Ushbu davrda jami 200 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sanoatda yuqori o‘sish sur’atlari Qashqadaryoda 26 foiz, Sirdaryoda 23, Jizzaxda 15, Toshkent shahrida 14  va Namanganda 12 foizni tashkil etdi.

Bundan tashqari, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi respublikada jami 14,7 foizga oshgan. Hududiy investitsiya dasturlari doirasida birinchi yarim yillikda prognozga nisbatan 2,5 barobar ko‘p yoki 5 ming 246 ta loyiha amalga oshirilgan.

Hisobot davrida mamlakatda jami 53 ming yangi kichik tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga oshgan. Joriy yil birinchi yarim yillikda esa 190 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlari o‘zlashtirildi.

2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar ko‘rsatish hajmi 18,3 foizga oshdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

92

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing