Tadbirkorlar tomonidan yo‘llarga radar o‘rnatish tartibi belgilandi

Jamiyat

image

Tadbirkorlar tomonidan avtomobil yo‘llarida qoidabuzarliklarni foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish tartibi belgilandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Hukumat qarori bilan ”Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi to‘g‘risida“gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, tadbirkorlar tomonidan yo‘llarda qoida buzilishini foto va video qayd etish tizimi o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan joylarning elektron onlayn-auksionlari “E-IJRO AUKSION” orqali amalga oshiriladi.

Tizim elektron onlayn-auksionlarda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan ob’ektlarda o‘rnatiladi.

Ob’ekt tadbirkorlarga mulk huquqi asosida cheklanmagan muddatga, boshqa tadbirkorlarga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi. 

Tizim Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining axborot tizimiga majburiy tartibda integratsiya qilinadi.

Tizim o‘rnatilgandan so‘ng 10 kun davomida sinov tariqasida ishlatilib, ushbu davrda qayd etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha jarima undirilmaydi.

Tizim qoidabuzarliklarni aniqlashda uch va undan ortiq marotaba xatolikni qayd etsa, ob’ektga nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinishi mumkin. 

Tizim tomonidan qoidabuzarliklar noto‘g‘ri aniqlanganda, tadbirkorlar ularni sodir etgan deb topilgan shaxsga yetkazilgan barcha moddiy zararni qoplashga majbur.

Qarorga ko‘ra, tizim orqali qayd etilgan qoidabuzarliklardan undirilgan jarima summasining tadbirkorga o‘tkaziladigan miqdori quyidagicha: 
tizim ishga tushirilgandan boshlab 1 yil davomida – 50 foizi;
ishga tushirilganidan 1 yil o‘tgandan so‘ng – 25 foizi.

Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tizimning o‘rnatilishi va ekspluatatsiya qilinishini nazorat qiluvchi vakolatli organ hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

632

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing