“Tadbirkorlar maktabi”da 1-mavsum o‘quv kurslari boshlandi

Biznes

image

Joriy yilning 1 fevralidan boshlab O‘zsanoatqurilishbank hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “O‘zqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi huzurida tashkil etilgan  “Tadbirkorlar maktabi” o‘quv markazida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida o‘z biznesini boshlash niyatidagi tadbirkorlar, tarmoq korxona va tashkilotlar xodimlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari uchun o‘quvlar boshlandi.

Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 9 iyunda qabul qilingan “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda mamlakatimiz qurilish industriyasini rivojlantirishda barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanish borasida qator vazifalar belgilab berilgan.

Unga ko‘ra, shu kunga qadar O‘zsanoatqurilishbank tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Bank va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “Tadbirkorlar maktabi” o‘quv markazi tashkil etilib, u ilg‘or ta’lim vositalari hamda tegishli adabiyotlar fondi bilan ta’minlandi.

Tadbirkorlik sub’ektlari va manfaatdor aholi vakillarini qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida biznesni zamonaviy asosda tashkil qilishga o‘qitish hamda ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida ish boshlagan mazkur markazda ilk mavsum ishtirokchilari maxsus savolnoma asosida saralab olindi.

Hozirda ushbu 20 nafar tinglovchi uchun mashg‘ulotlar zamonaviy o‘quv dasturlari va yangi ta’lim metodlari asosida 4 ta modulga ajratilgan holda olib borilmoqda. 

Bu borada o‘ndan ziyod oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, jami 72 soatga mo‘ljallangan kurslar chuqur malaka va ko‘nikmaga ega fan nomzodlari, fan doktorlari hamda professorlar tomonidan olib borilmoqda.

Shuningdek, Turkiya (Maltepe university) va Germaniya (Passive House Institute) davlatlarida yaratilgan innovatsion texnologiyalarning O‘zbekistonga transferini doimiy ravishda tashkil etish orqali tinglovchilar bilim va ko‘nikmasi xalqaro mezonlar asosida ham boyitilmoqda.

– O‘quv markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida qurilish materiallari ishlab chiqarishda tashabbuskor tadbirkorlarning sohadagi malaka darajasi muntazam oshirib boriladi, – deydi “O‘zqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi direktori o‘rinbosari Adham Quvondiqov. – Ilg‘or arxitektura va dizaynerlik tamoyillariga asoslangan “kelajak materiallari” nomenklaturasi kengaytirilib, ishlab chiqarishda xalqaro standartlar keng joriy etiladi.

Shuningdek, markaz bo‘lajak tadbirkorlarning moliya, soliq, marketing va huquqiy savodxonligini oshirishga, ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar, ishlanmalar, bilimlar va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yangi tadbirkorlarni kashf etishga xizmat qiladi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarida yashil iqtisodiyotni joriy etishga ko‘maklashadi.

Markazda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikat taqdim etiladi.

Qayd etib o‘tamiz, ayni paytda 2-mavsum uchun talabgor tinglovchilar ro‘yxati shakllantirilmoqda. O‘quv kurslari mutlaqo bepul.

Manzil: Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Tafakkur 68-a. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi binosi.

Murojaat uchun telefon: +998 94 5766900, +998 33 5769595, +998 97 7278784

Elektron pochta: info@uzqmliti.uz, q.m.liti2017@mail.ru

Bank Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

15

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing