Temmi Abraham Londonga qaytishi mumkin
Sport
−
05 aprel 2022
4181Angliyalik futbolchi Temmi Abraham 2021-22 yilgi mavsumni ajoyib o‘tkazmoqda. 2021 yilning yozida Temmi “Stemford Brij”dan Italiya poytaxti Rimga jo‘nab ketgandi. “Chelsi”dan “Roma”ga o‘tish Abrahamni tom ma’noda qaytadan kashf qildi.
Endilikda 24 yoshli futbolchi boshini baland ko‘targan holda, “Roma”dan Angliya poytaxti Londonga qaytishi mumkin. Temmiga “Chelsi” va “Arsenal” klublari jiddiy da’vogarlik qilishmoqda. Bu haqda “Goal” nashri xabar berdi.
Manbaning xabariga ko‘ra, “Chelsi” rahbariyati Abrahamni “Roma” safiga qo‘yib yuborayotganda, Timo Verner va Romelu Lukaku hujum chizig‘ini ajoyib ko‘rinishga keltiradi deb o‘ylagandi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Shuning uchun, “aristokratlar” Temmi Abrahamni ortga qaytarish masalasini jiddiy ko‘rib chiqadi.
Shuningdek, hujumchiga yolchimayotgan Londonning boshqa bir jamoasi “Arsenal” ham Abraham uchun oxirigacha kurashmoqchi.
Ma’lumot o‘rnida, Temmi Abraham joriy mavsumda “Roma” safida 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, 23 ta gol va 4 ta golli uzatma amalga oshirdi. “Transfermarkt” portali angliyalik iqtidor egasini 45 million yevroga baholamoqda.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi