THAYdagi turar va noturar joylar nega buzilyapti? 

Jamiyat

image

Toshkent shahrini Toshkent viloyati bilan bog‘lovchi, poytaxtni o‘rab turgan Toshkent avtomobil halqa yo‘li bo‘ylab ayni vaqtda katta buzish ishlari olib borilmoqda. Ayni vaqtda poytaxt va Toshkent viloyati hududlari tomondan yo‘l bo‘yida joylashgan turar va noturar joy ob’ektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shahobchalari, reklama stendlari buzib tashlanmoqda. Odamlar orasida esa ikki taxmin bor: kimdir yo‘l kengayarkan desa, yana boshqalar bu yerga ham yer usti metrosi qurilarkan, demoqda. QALAMPIR.UZ hududda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot olish maqsadida Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Qayd etilishicha, hududdagi buzish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov topshirig‘iga binoan amalga oshirilmoqda. 

QALAMPIR.UZ'ga yetib kelgan hujjatda ta’kidlanishicha:

•    Toshkent halqa avtomobil yo‘lining ikki tarafida amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari talablari buzilgan holda qator ob’ektlar yo‘l bo‘yida barpo etilmoqda (qurilish chizig‘idan chiqqan holda yoki yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari muhofaza hududida) hamda tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarsiz yengil turdagi konstruksiyalar (savdo shahobchalari va boshqalar) qurilishi hamon davom etmoqda;

•    reklama konstruksiyalar tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga amal qilinmagan holda joylashtirilgan;

•    avtomobil yo‘li bo‘yicha (yo‘l o‘rtasida) obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan;

•    yo‘l bo‘yicha joylashtirilgan yirik savdo komplekslariga kirish va chiqishda aholiga qulay sharoit yaratilmagan. 

Hujjatda keltirilishicha, Toshkent  halqa avtomobil yo‘li bo‘yicha qurilayotgan ob’ektlarni shaharsozlik faoliyatini tartibga soluvchi me’yorlarga muvofiqligini o‘rganish va yo‘l bo‘yi infratuzilmasini yaxshilash hamda aholiga qulay sharoit yaratish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tasdiqlangan. 

Qurilish vaziri Botir Zokirov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhiga quyidagi: 

•    yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan talablar asosida hujjatlari rasmiylashtirilmasdan qurilgan barcha noqonuniy ob’ektlar, yengil turdagi savdo shahobchalari va reklama qurilmalarini ixtiyoriy ravishda buzish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berish; 

•    avtomobil yo‘li bo‘yidagi yuqori kuchlanishli havo elektr tarmoqlari “muhofaza hududi”da qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzish;

•    ixtiyoriy buzmagan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan barpo etilgan ob’ektlarni majburiy tartibda buzish bo‘yicha sud organlariga da’vo arizalari kiritish; 

•    buzishdan bo‘shagan yer maydonlarini mahalliy hokimlik zaharisiga qaytarish;

•    yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish hamda servis ob’ektlari qurilishiga ruxsat olib, lekin qurilish ishlari boshlanmagan yer uchastkalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish; 

•    mazkur yer maydonlarida qurilish ishlarini boshlash uchun tegishli loyiha hujjatlari mavjudligini hamda loyiha hujjatining amaldagi qurilish normalariga mosligini o‘rganish; 

•    avtomobil yo‘li bo‘yidagi hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish loyiha taklifini ishlab chiqish;

•    yo‘l bo‘yidagi yirik savdo komplekslariga kirish va chiqishda aholiga qulay sharoit yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifalari yuklatilgan. 

Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 9 iyul holatiga THAY bo‘ylab quyidagi ishlar amalga oshirilgan:

•    Toshkent tumani hududidagi THAY bo‘ylab 161 060  m2 o‘tlar o‘rilgan; 
•    2 999 ta  daraxtlar tartibga keltirildi;
•    2610 p.m. irrigatsiya lotoklari tozalangan;
•    mavjud 43 ta noqonuniy o‘ramalardan 43 tasi buzilgan;
•    mavjud 116 ta noqonuniy qurilmalardan 116 tasi buzilgan;
•    noqonuniy qurilmalarni buzish maqsadida majburiy ijro byurosiga topshirilgan 6 ta hujjatlardan, 6 tasi bo‘yicha ijrosi bajarilgan; 
•    noqonuniy qurilmalarni buzish maqsadida 50 ta ob’ektlar bo‘yicha hujjatlar sudga berilgan;
•    20 ta sudga berilgan ob’ektlar buzilgan;
•    5880 m2 yer maydonlari tekislangan;
•    mavjud 89 ta reklama stendlaridan 88 tasi oldirilgan;
•    222 p.m. bordyurlar tartibga solindigan;
•    33 ta noqonuniy savdo shahobchalaridan 33 tasi oldirilgan; 
•    THAY yo‘li mintaqasida mavjud bo‘lgan 170 ta turar va noturarlarning 170 tasiga ogohlantirish berilgan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

216

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing