Suzoqdagi fojia: amaldorlar aybdor deb topildi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan idoralararo komissiya 2 may kuni Jalolobod viloyatining Suzoq tumanida yuk mashinasi maktab o‘quvchilarini urib yuborishi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan tekshiruvni yakunladi. Mutaxassislar aybni mahalliy hokimiyat vakillari zimmasiga yukladi, deb xabar berdi Sadir Japarov matbuot xizmati.

Komissiya a’zolari o‘z xulosalarida yaylovda o‘tkazilgan manaschilar musobaqasi tashkilotchilari tadbir ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rmaganini ta’kidlagan. Tuman va viloyat hokimliklari bilan yomon munosabatda bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek, ta’lim muassasalarining mas’ul xodimlari ham mas’uliyatni his qilib ishlamagan.

Masalan, maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlovning aniq sanasi to‘g‘risida mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga xabar berilmagan. Maxsus komissiya a’zolari bu kamchilikni 1 maydan 5 maygacha respublikada dam olish kunlari deb e’lon qilingani bilan izohlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, "Manas" dostonini o‘qishda tumandagi 18 ta maktabdan 2 ming 878 nafar o‘quvchi, 341 nafar o‘qituvchi ishtirok etgan. Ammo ularning xavfsizligini faqat ikkita IIO xodimi ta’minlagan.

“Voqea holatlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra, idoralararo komissiya intizomiy jazo choralarini qo‘llash, shuningdek, tegishli vazirliklar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va xodimlarini egallab turgan lavozimidan ozod etishni tavsiya qildi”, deyiladi ekspertlar xulosasida. 

Aniqlik kiritilishicha, ayni damda 21 nafar mansabdor intizomiy javobgarlikka tortilgan, yana olti nafari ishdan bo‘shatilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 may kuni haydovchisiz  Hyundai Porter rusumli mini-yuk mashinasi tepalikdan pastga harakatlanib,  asosan 9 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar bo‘lgan bir guruh tadbir ishtirokchilarini bosib ketgandi. Dastlab jabrlanganlar soni 29 nafar ekani haqida xabar berilgan edi, keyin ularning soni 35 nafarga yetgan.

Haydovchiga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 312-moddasi (Yo‘l harakati va transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing