Suyultirilgan gaz ta’minotida yangi tizim: ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya to‘lanadi
Biznes
−
20:56 897 3 daqiqa
Gazlashmagan xonadonlarni suyultirilgan gaz bilan yetarli hajmda va o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida bosqichma-bosqich bozor mexanizmlarini joriy etish taklif etilmoqda.
Bunda 2026 yil 1 noyabrdan maishiy ballonlarda yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz narxini 1 kg uchun – 2 000 so‘mdan 5 000 so‘mga oshirish, Ijtimoiy himoya reyestridagi oilalar uchun esa narxni me’yor doirasida 2 ming so‘mda saqlab qolish nazarda tutilmoqda.

Yangi narx suyultirilgan gazni to‘liq bozor narxiga o‘tkazishni anglatmaydi. “LPG-Trade” MCHJ tomonidan birja orqali xarid qilinadigan gazning narxi bilan aholiga belgilangan 5 ming so‘mlik narx o‘rtasidagi farq, shuningdek, asoslangan yetkazib berish xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.

Islohotning asosiy sabablaridan biri aholiga gaz yetkazib berishdagi uzilishlar va resurslarga bo‘lgan talabning ortishi bilan bog‘liq. Amaldagi 2 ming so‘mlik narx aholi uchun arzon resursni ta’minlayotgan bo‘lsa-da, gazni zarur hajmda va o‘z vaqtida yetkazib berish imkoniyati cheklangan.
Ayrim iste’molchilar belgilangan gaz hajmi yetarli bo‘lmagani sababli qo‘shimcha resursni bozordan ancha yuqori narxda sotib olishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, ayrim hududlarda suyultirilgan gazni yetkazib berish oralig‘i 50–70 kundan ham oshmoqda. Bunday holatda rasmiy narx 2 000 so‘m bo‘lgani bilan, oilaning gaz uchun amaldagi o‘rtacha xarajati ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
.png)
Shu bilan birga, respublikada suyultirilgan gaz resurslari ortib bormoqda. 2023 yilda jami resurs 906 ming tonna bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 1,52 mln tonnaga yetishi kutilmoqda. Biroq resurslar tarkibi o‘zgarmoqda. Mahalliy ishlab chiqarish 883 ming tonnadan 803 ming tonnaga kamaygan, import esa 19 ming tonnadan 713 ming tonnagacha oshgan.
.png)
2026 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonga 539 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan. Bundan tashqari, suyultirilgan gazga bo‘lgan talab avtomobillar sonining ortishi hisobiga ham o‘smoqda. 2026 yil 1 sentyabr holatiga propanda harakatlanuvchi avtomobillar soni 716 mingtani tashkil etgan. Bu 2024 yil 1 noyabrga nisbatan 35 foizga ko‘p.
Narx o‘zgarishining ijtimoiy ta’sirini kamaytirish uchun ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya berish mexanizmi joriy etiladi. Ularga oyiga 20 kilogrammgacha bo‘lgan me’yor doirasida suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi. Shu tariqa ushbu oilalarning amaldagi xarajati 2 ming so‘m/kg darajasida saqlanib qoladi. Bu maqsad uchun 158 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Mazkur kompensatsiya 220 ming abonentni qamrab olishi va bu maqsad uchun 158 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Keyingi bosqichda suyultirilgan gaz bozoriga xususiy operatorlarni keng jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. 2026 yil 1 oktyabrdan Andijon viloyatida xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilingan gazni aholiga erkin narxlarda yetkazib berish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda.
Kelgusida aholi uchun 5 va 10 kilogrammlik gaz ballonlarini xarid qilish imkoniyatini yaratish, ularni do‘konlar va supermarketlar orqali sotish hamda xususiy operatorlar tomonidan uyga yetkazib berish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Live
Barchasi