“Suvni ta’mi muz bilan”. Internetni portlatgan ayol bog‘cha tarbiyachisi bo‘lib chiqdi

Jamiyat

image

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda onlayn mashg‘ulot uchun rolik tayyorlayotgan tarbiyachi, qo‘qqisdan o‘z farzandlarini urishishga tushgani aks etgan video tarqalgandi. Video tarmoq foydalanuvchilarining muhokamasiga sabab bo‘ldi. Maktabgacha ta’lim vazirligi ushbu videodagi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlik tomonidan o‘rganishlar natijasida videorolikdagi ayol Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi 7-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Hilola Nurmatova ekanligi aniqlandi. Shu yilning 15 iyul kuni uy sharoitida videomashg‘ulotni yozib olish jarayonida H.Nurmatova o‘z farzandlarini tarbiyachi kasbiy etikasiga zid ravishda qo‘pol tarzda koyib tashlaydi. 

Bu holat aks etgan rolik, keyin tayyorlangan videomashg‘ulot o‘rniga, yanglish ravishda MTT telegram guruhiga joylangan va tezda o‘chirib tashlangan. Shunga qaramay o‘chirilgan rolik oradan 11 kun o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.

“Holatni o‘rganish jarayonida o‘sha kuni H.Nurmatova videomashg‘ulotni bir necha marta yozib olishga uringani ma’lum bo‘ldi. Ammo ish bilan uy vazifalarini bir vaqtda bajarish majburiyati, jumladan bolalar harxashasi hissiy muvozanatdan chiqib ketishi, natijada nazoratni yoqotgan holda ovozini balandlatishiga sabab bo‘lgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Ushbu voqea Chortoq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda Namangan viloyati Maktabgacha ta’lim Boshqarmasi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilgan. Tarbiyachi H.Nurmatova kasbiy etika qoidalarini buzgani uchun unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Karantin yakunlanib , MTTlar faoliyati tiklangach 7-sonli MTT hamda Chortoq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan bu tarbiyachining pedagogik faoliyati monitoring qilib borilishi belgilangan. 7-sonli MTT rahbariga esa ogohlantirish berilgan.

Ma’lumot uchun, H.Nurmatova 1982 yilda tug‘ilgan  oliy ma’lumotli bo‘lib, maktabgacha ta’lim tizimida bir necha yildan beri ishlab kelgan.

Shu o‘rinda, mazkur video tarqalib, munozalar boshlangach, dastlab bu ayol maktab o‘qituvchi deb taxmin qilingandi. Ammo Xalq ta’limi vazirligi videodagi ayol o‘qituvchi emasligi haqida bayonot bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3027

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing