So‘rovnoma: bola huquqlaridan xabaringiz bormi?

Jamiyat

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham shu kunda bolalarga e’tibor oshadi. Shu kunda ko‘pchilik ota-onalar o‘z farzandlarini istirohat, hayvonot bog‘lariga yoki umuman shunga o‘xshash ko‘ngilochar joylarga olib borib, ularni xursand qilishadi. Bolalar shu kunda har doimgidan ham ko‘proq e’tibor markazida bo‘lishadi. 

Ammo savol tug‘iladi: nega aynan bir kun ular nazdida saxovatpeshaga aylanamiz? Ularni muzqaymog‘u shirinliklar bilan siylash, istirohat bog‘lariga olib chiqish uchun bayramni kutish shartmi?

To‘g‘ri, ota-onalar o‘z farzandini har tomonlama ta’minlashga urinadi. Ammo jamiyatimizda o‘z farzandini bayramda tabriklash uyoqda tursin oddiy kunda ham yaxshi munosabatda bo‘lmaydigan ota-onalar ham, afsuski, yo‘q emas. Ijtimoiy tarmoqlarda esa voyaga yetmagan bolalarning ayovsiz kaltaklanib, og‘ir jarohatlangani, yosh qizlar jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylanayotgani haqida ham xabarlar tarqalib, aholi noroziligiga sabab bo‘lyapti. Xo‘sh, O‘zbekiston bola huquqlari himoyalanmaganmi?

Avvalo shuni ta’kidlash keraki, O‘zbekiston 1992 yil 9 dekabrda “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyaga qo‘shilgan. “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyaning 18- va 27- moddalarida davlat tomonidan bolaning ota-onalariga va qonuniy vakillariga yordam berish belgilangan. Shuningdek, bolalarga ularni tarbiyalovchi shaxslar tomonidan qo‘pol muomalada bo‘lish, ularning tahqirlanishidan himoya qilish, oilaviy muhitdan mahrum bo‘lgan yoki asrab olingan, aqliy yoki jismoniy jihatdan zaif bolalarni himoya qilish, bolalarning sog‘liqni saqlash sohasidagi huquqlari, shuningdek, bolalarning ijtimoiy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan turmush darajasi to‘g‘risidagi normalar belgilab qo‘yilgan.

“Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya 1989 yil BMT tomonidan qabul qilingan. Hujjat O‘zbekistonda 1994 yilda kuchga kirgan. Keyinchalik ushbu Konvensiya asosida 2007 yil “Bola huquqlari kafolatari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mazkur Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 9 dekabrdagi  “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish haqida”gi qaroriga muvofiq a’zo bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya Nyu-York shahrida 1989 yil 20 noyabr kuni qabul qilingan va 1990 yil 2 sentyabr kuni kuchga kirgan. Bugungi kunda Konvensiyaga a’zo davlatlar soni – 196 ta.

O‘zbekistonda bola huquqlari qonun bilan belgilab qo‘yilgan ekan. Bundan ota-onalarning va bolalarning o‘zi qanchalik xabardor? QALAMPIR.UZ fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ularga “Siz bola huquqlari haqida nimalarni bilasiz?” degan savol bilan yuzlandik. Xo‘sh, siz bu borada nimalarni bilasiz?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

21

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing